08:44 (23.02.2024)

1224

Prezidentning “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi Farmoni qabul qilindi

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng koʻlamli islohotlarni 2024-yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy oʻzgarishlarga erishish boʻyicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. 2024-yil 1-martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilsin. Bunda mazkur rahbarlar:

har oyda kamida bir marotaba oʻzlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish orqali bandligini taʼminlash, hayotda oʻz oʻrnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama koʻmaklashib borsin;

oʻzlariga biriktirilgan yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun tegishli tashkilotning byudjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan zarur mablagʻlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida yoʻnaltirishga ruxsat etilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi, Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev) hamda yoshlar biriktirilgan vazirlik va idoralar belgilansin.

2. Yoshlarning salohiyati, isteʼdodi va tashabbuslarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida:

2024-yil 1-martdan boshlab mahalla, taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamgʻarmasi 600 million soʻm miqdorida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) boʻyicha tanlovlar, kibersport musobaqalari va “Zakovat” intellektual oʻyinlari yuqori saviyada tashkil etilsin;

Yoshlar ishlari agentligi va mahalliy hokimliklar tomonidan kasblar tanlovida gʻolib boʻlgan yoshlarni oʻz hududlarida jihozlangan ustaxonalar bilan “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan taʼminlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼul etib Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev) belgilansin.

3. Yoshlar ishlari agentligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining ekologiya, sogʻlom turmushni targʻib qilish kabi ijtimoiy ahamiyatga molik 100 ta volontyorlik loyihalari boʻyicha birinchi bosqichda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha mablagʻni tanlov asosida ajratish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

4. Yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shugʻullanishga qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida:

a) oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yoʻnaltirilsin;

b) 2024-yil 1-iyundan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yosh tadbirkor” tanlovlarini oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin:

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tanlov asosida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va gʻoyalari saralanadi. Bunda, nogironligi boʻlgan yosh tadbirkorlarning loyiha va gʻoyalariga alohida eʼtibor qaratiladi;

respublika bosqichida saralashdan oʻtgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi;

gʻolib boʻlgan biznes loyiha va gʻoyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev), Savdo-sanoat palatasi (D.Vaxabov) va Oʻzbekiston nogironlar uyushmasi belgilansin.

5. 2024-yil 1-martdan boshlab Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etilsin.

Bunda, ushbu dastur doirasida:

mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan mahalla faollari ishtirokida axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga oʻqitish hamda sertifikatlar olishini tashkil etish, sertifikat olgan yoshlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritib borish amaliyoti joriy qilinishi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan maxsus axborot tizimiga kiritilgan yoshlarni IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga yoʻnaltirish va ishga joylashtirishga koʻmaklashish choralari koʻrilishi belgilansin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (K.Kuranbayev), Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev), Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilansin.

6. 2024-yil 1-martdan boshlab:

“Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlarini yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga oʻqitish maqsadlariga yoʻnaltirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;

yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish boʻyicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushirilsin va dastlabki bosqichda mazkur platforma orqali 250 ming nafar yoshlar qamrab olinishi taʼminlansin;

yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga oʻrgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushirilsin va bu orqali yosh xotin-qizlar uchun turli tanlov, loyihalar, oʻquv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev), Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi (O.Parpiboyeva) va Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev) belgilansin.

7. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omili sifatida biznes uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida “Biznesni qoʻllab-quvvatlash dasturi” doirasida 2024-yil yakuniga qadar:

kompleks qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish;

yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali 5 million aholining bandligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari  J.Qoʻchqorov belgilansin.

8. 2024-yil 1-iyuldan boshlab nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga:

xalqaro standartlarni joriy etish va ekologik sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy qilinsin;

uch yil davomida nufuzli xalqaro brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun zarur boʻlgan barcha xomashyolar mahalliylashtirish darajasini kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan bojxona bojidan ozod etilsin;

nufuzli xalqaro brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berilganligi uchun toʻlovlar undirilishi bekor qilinsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼul etib Savdo-sanoat palatasi (D.Vaxobov) hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L.Qudratov) belgilansin.

9. 2024-yil 1-maydan boshlab fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun yangi majburiy toʻlovlar va yigʻimlarni faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritilsin.

10. Keng jamoatchilik bilan muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda – Davlat dasturi) doirasida quyidagilar:

2024-yilga moʻljallangan yoʻnalishlar kesimidagi amaliy tadbirlar rejalari 1–5-ilovalarga muvofiq;

2024-yilda yoʻnalishlar kesimida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxatlari 6–10-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, yoʻnalishlar kesimida 2024-yilga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–300-son qarori bilan tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

11. Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yoʻnalishi doirasida 2024-yilda:

Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning bilimlarni baholash tizimi qoʻshimcha 1 000 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida joriy qilinib, fanlardagi amaliy mashgʻulotlar ulushi 60 foizgacha oshirilsin;

6,7 million nafar 40 va undan katta yoshdagi aholi orasida yurak-qon tomir, qandli diabet, oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklari xavfini aniqlash boʻyicha profilaktik koʻriklar tashkil etilsin;

7,5 ming nafar yoshlar zamonaviy kasblarga oʻqitilishi, xalqaro imtihon tizimlarida chet tillari boʻyicha yuqori ball olgan 6 ming nafar yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilishi taʼminlansin;

10 million nafar aholini yugurish, futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, milliy va belbogʻli kurash kabi sport turlari boʻyicha marafon va musobaqalarni tashkil etish orqali ommaviy sportga jalb qilish choralari koʻrilsin;

2024-yilda Parij shahrida oʻtkaziladigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun kamida 140 ta litsenziyani qoʻlga kiritish maqsadida 15 ta olimpiya va paraolimpiya markazida hamda Toshkent shahri, Andijon va Toshkent viloyatlaridagi 14 ta sport bazasida barcha zarur sharoitlar yaratilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib tegishincha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X.Umarova), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov), Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev), Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev), Sport vazirligi (A.Ikramov), Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O.Kasimov), Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev) belgilansin.

12. Quyidagilar:

a) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahrida) sinov tariqasida “Mening maktabim” loyihasi amalga oshirilsin hamda buning doirasida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablagʻ ajratilib, ushbu mablagʻ 5–11-sinf oʻquvchilari tanloviga koʻra, elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanishi belgilansin;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlarini menejerlik boʻyicha sertifikatsiyalash tizimi joriy etilsin. Bunda, direktorlarga malakaviy talablar aniq belgilanib, ular har besh yilda bir marotaba attestatsiyadan oʻtkazilsin.

b) 2025-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega boʻlgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama toʻlanishi belgilansin;

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼul etib Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X.Umarova) belgilansin.

13. 2024-yil 1-sentyabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy oʻrta taʼlim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan oʻquvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Qashqadaryo viloyati hokimligi (M.Azimov) va Surxondaryo viloyati hokimligi (U.Qosimov) belgilansin.

14. 2024-yil yakuniga qadar ehtiyojdan kelib chiqib, viloyatlar markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlarida kamida bittadan ogʻir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam koʻrsatuvchi xospislar tashkil etilsin.

Bunda, xospislarni tashkil etish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyatiga doimiy koʻmaklashish loyihalari uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan grantlar eʼlon qilib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

15. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov):

a) 2024-yil 1-mayga qadar:

2025-yildan boshlab katta yoshdagi aholi orasida yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavfli omillarining tarqalganligini oʻrganish;

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X.Umarova) bilan birgalikda 2026-yildan boshlab oʻtkaziladigan maktab oʻquvchilari orasida tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning tarqalganlik hamda ularning psixologik holatini oʻrganish boʻyicha rejani belgilasin;

b) 2024-yil 1-dekabrga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali sogʻliqni saqlash sohasida koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sonini 17 tadan 24 taga yetkazsin va buning doirasida fuqarolarning onkologik, kardiologik va endokrinologik skriningdan oʻtishi natijasi, ularni davolash uchun ajratiladigan pullar toʻgʻrisida maʼlumot olish imkoniyatini yaratsin.

16. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

2024-yilda nogironligi boʻlgan shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilish texnik vositalari bilan taʼminlashning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinsin;

2024-yil 1-sentyabrdan boshlab pensiya tayinlashda bir vaqtning oʻzida shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi pulni olish bilan bogʻliq harakatlarni proaktiv tarzda amalga oshirish, nogironlikni belgilashda esa, nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida xabardor qilish tartibi joriy etilsin;

2024-yil 1-dekabrdan boshlab yolgʻiz yashayotgan hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga Toshkent shahrida eksperiment tariqasida tegishli yoʻnalishdagi nodavlat tashkilotlar orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi mablagʻlari hisobidan ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M.Olloyorov) hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi (O.Fozilkarimov) belgilansin.

17. Ogʻir atletika boʻyicha milliy sport maktabining xalqaro nufuzini oshirish maqsadida 2024-yilda ogʻir atletika boʻyicha barcha yosh toifasidagi sportchilar bilan individual ishlash tizimini yaratish hamda ularni professional tayyorgarligini tashkil etish uchun Chirchiq shahrida Ogʻir atletika markazi tashkil etilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Sport vazirligi (A.Ikramov), Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O.Kasimov) belgilansin.

18. Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash yoʻnalishi doirasida:

yalpi ichki mahsulot oʻsish surʼati 6 foizdan kam boʻlmagan darajada boʻlishini, investitsiyalar esa yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan kamida 30 foiz boʻlishini taʼminlash choralari koʻrilsin;

iqtisodiyot tarmoqlarida qiymati 18 milliard dollar boʻlgan 309 ta yirik loyihalar ishga tushirilsin;

yillik inflyatsiya darajasi 9 foizgacha va fiskal taqchillik 4 foizgacha boʻlishi taʼminlansin, keyinchalik inflyatsiya va Davlat byudjeti taqchilligi koʻrsatkichlarini pasaytirish choralari koʻrilsin;

iqtisodiyot tarmoqlariga 275 trillion soʻm kredit resurslarini yoʻnaltirish, shu jumladan, 41 trillion soʻmlik mikromoliya xizmatlari koʻrsatilishi taʼminlansin;

banklar tomonidan taqdim etiladigan kredit stavkalarini bozor mexanizmlari asosida 2–3 foiz bandga pasaytirish uchun zarur sharoitlar yaratilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Bosh vazir oʻrinbosari  J.Qoʻchqorov va Markaziy bank (M.Nurmuratov) belgilansin.

19. 2024-yil 1-apreldan boshlab davlat investitsiya dasturlari doirasida markazlashgan manbalar hisobiga amalga oshiriladigan yirik loyihalarga sanoat kooperatsiyasi talablari joriy etilsin.

Bunda, loyihalar doirasida mahalliy korxonalarda zarur mahsulotlarni oʻzlashtirish va xarid qilish tavsiya etiladigan mahsulotlar roʻyxati, mahalliy mutaxassislarni jalb qilish rejasi va ularga qoʻyiladigan talablar nazarda tutilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L.Qudratov) va Iqtisodiyot va moliya vazirligi (B.Xodjayev) belgilansin.

20. Respublikada “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish uchun qulay sharoitlarni yaratish va “yashil energiya” manbalari salmogʻini oshirish maqsadida:

a) 2024-yil 1-aprelga qadar:

“yashil energiya” sertifikatlari aylanmasi bozor tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyilishi taʼminlansin;

xalqaro issiqxona gazi savdosi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish tartibi tasdiqlansin;

b) 2024-yil 1-apreldan boshlab iqlim oʻzgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) va maʼlumotlar bazasi bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilsin;

v) 2024-yil yakuniga qadar xorijiy investorlar ishtirokida Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 2 700 MVt boʻlgan 6 ta yirik quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish taʼminlansin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I.Norqulov) va Energetika vazirligi (J.Mirzamaxmudov) belgilansin.

21. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.Ortiqov) bir oy muddatda:

uch oydan ortiq muddat mobaynida ochiq savdolarda sotilmagan davlat aktivlarining boshlangʻich bahosini 50 foizgacha bosqichma-bosqich pasaytirish;

yer uchastkalari olti oy davomida sotilmaganda toʻlovning 15 foizini uch oy muddatda, qolgan qismini 10-yil muddatda boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratish boʻyicha amaliy choralarni koʻrsin.

22. 2024-yil 1-apreldan boshlab chegara bojxona postlarida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini rasmiylashtirish boʻyicha karantin, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va veterinariya sohalaridagi nazorat funksiyalari bojxona xizmati organlariga oʻtkazilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼul etib Bojxona qoʻmitasi (A.Mavlonov) belgilansin.

23. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatida ochiqlik darajasini keskin oshirish va korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish maqsadida 2024-yil 1-iyuldan boshlab davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan yirik soliq toʻlovchilar korporativ ijtimoiy masʼuliyat (CSR) hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) holati toʻgʻrisida har yili 1-iyulga qadar hisobotni jamoatchilikka oshkor etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (B.Xodjayev) va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.Ortiqov) belgilansin.

24. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, eksport hajmini koʻpaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-oktyabrdagi “Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–5262-son qarorida nazarda tutilgan mahsulotlarga import bojxona bojining nol stavkasini qoʻllash muddati 2027-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A.Ya.Xaydarov) va Bojxona qoʻmitasi (A.Mavlonov) belgilansin.

25. Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishi doirasida:

2024-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar koʻchatlarini, qalamchalarini ekish, respublikada 444 ta yashil bogʻlar barpo etish;

2024-yil 1-martga qadar suv kanallarini rekonstruksiya qilish ishlariga Davlat byudjetidan qoʻshimcha ajratilgan 500 milliard soʻm mablagʻlar doirasida kamida 1,5 ming kilometr yirik kanallarni betonlash ishlarini yakunlash choralari koʻrilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib tegishincha Bosh vazir oʻrinbosari – A.Ramatov, Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.Xamrayev), Hisob palatasi (A.Boboyev) va Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I.Norqulov) belgilansin.

26. Mamlakatimizda chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish doirasida:

a) 2024-yil 1-martdan boshlab:

hududlarda chang boʻroni sodir boʻlayotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori boʻlgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yoʻllari kasalliklariga chalingan hamda sogʻligʻi havoning ifloslanishiga taʼsirchanligi yuqori boʻlgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar toʻgʻrisida doimiy xabardor qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;

oʻlchami 500 metr kvadrat va undan ortiq boʻlgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etish boʻyicha majburiy talablar joriy etilsin;

Toshkent shahrida yuk tashish uchun moʻljallangan, ruxsat etilgan toʻla vazni 10 tonnadan yuqori boʻlgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tigʻiz vaqt oraliqlarida taqiqlansin. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xoʻjaligi, obodonlashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmasligi belgilansin;

b) 2030-yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “YEVRO – 5” va undan yuqori standartlariga muvofiq boʻlmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklansin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib tegishincha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A.Abduxakimov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov), Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B.Zakirov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) va Transport vazirligi (I.Maxkamov) belgilansin.

27. Keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning ekologiyaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli taʼsirini kamaytirish uchun Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Bunda, binosi Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna koʻrsatib borsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A.Abduxakimov), Transport vazirligi (I.Maxkamov) va Toshkent shahar hokimligi (Sh.Umurzakov) belgilansin.

28. Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yoʻnalishi doirasida 2024-yil 1-mayga qadar:

adashgan yoshlarni jamiyatga integratsiya qilish, ularning hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish maqsadida Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoshlarni probatsiya hisobidan chiqarish amaliyoti joriy etilsin va ularni profilaktik hisobga olish asoslari keskin qisqartirilsin;

yoʻl harakati qoidalari buzilishi holati yuzasidan yuboriladigan qaror va xabarnomalar boʻyicha Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev) va Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) belgilansin.

29. Mahallani jamoatchilik va davlat organlari oʻrtasidagi tayanch boʻgʻinga aylantirish maqsadida:

2024-yil 1-apreldan boshlab “Tashabbusli byudjet” doirasidagi loyihalarni tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etilsin;

2024-yil 1-avgustga qadar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga “Tashabbusli byudjet” doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan maʼlumotlar olish, mablagʻlarning oʻz vaqtida va toʻliq ajratilishini talab qilish hamda loyihalar amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring qilish imkoniyati yaratilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A.Ya.Xaydarov) va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (K.Kuranbayev) belgilansin.

30. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti va mahalliy byudjetlar daromadlari hamda amalga oshirilgan va rejalashtirilayotgan xarajatlar boʻyicha moliyaviy hujjatlarga asoslangan yillik va yarim yillik hisobotlarni aholi eʼtiboriga tushunish uchun oson usulda oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

31. “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yoʻnalishi boʻyicha Qurolli Kuchlar, sohaga masʼul boshqa vazirlik va idoralarning kiberxavfsizlik hamda epidemiologik barqarorlikni taʼminlash boʻyicha salohiyatini keskin oshirish maqsadida:

kiberxavfsizlik infratuzilmasining muhim elementlari hisoblanuvchi axborot tizimlari attestatsiyasi va ekspertizasi uchun har bir vazirlik va idorada masʼul shaxslar javobgarligi belgilansin;

mazkur yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash boʻyicha oʻquv dasturlari va oʻqitish metodikalarini zamonaviy tahdid va tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish choralari koʻrib borilsin;

mamlakatimizning raqamli va harbiy-tibbiy infratuzilmasini takomillashtirish, masʼul idoralarni zamonaviy texnika va tibbiyot apparaturalari bilan bosqichma-bosqich taʼminlash dasturi amalga oshirilsin;

fuqarolar shaxsiy maʼlumotlarining himoyasini kafolatli taʼminlash boʻyicha, shuningdek, bank va toʻlov tizimlari uchun firibgarlikka qarshi va zamonaviy biometrik tizimlar joriy etilsin.

Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) va Markaziy bank (N.Saʼdullayev) belgilansin.

32.Quyidagilar:

Strategik islohotlar agentligi Adliya vazirligi, Hisob palatasi bilan birgalikda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida yoʻnalishlar boʻyicha amaliy tadbirlar rejalari bajarilishini, maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini tizimli monitoring qilib borsin;

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakati Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan, joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy oʻrganib borsin va natijalari boʻyicha har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.

Davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakatining mazkur band ijrosi boʻyicha faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashib borsin.

33. Vazirlar Mahkamasi:

har oy yakuni boʻyicha Davlat dasturi ijrosi yuzasidan maʼlumotlarni umumlashtirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin;

har chorak yakuni boʻyicha Davlat dasturida yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini Vazirlar Mahkamasining Rayosati yigʻilishida muhokama qilib borsin;

har yarim yilda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobotlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritib borsin.

34. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Djurabayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning borishi va natijalari toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotlar aholiga tezkorlik bilan yetkazilishini taʼminlasin.

35. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Mazkur Farmon ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2024-yil 21-fevral

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech