10:13 (17.03.2025)
408
"Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasi tijorat ishlari bo‘yicha direktori Ramil Abdulov, "Navoiy Dori-Darmon" AJ Boshqaruv raisi G‘ulom Orziyev "The United Laboratories" kompaniyasi bosh direktori janob Vu Shuting, tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Karmen Yan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida Ramil Abdulov "Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyaning faoliyati, imkoniyatlari, ishlab chiqarish korxonalari, Respublika bo‘yicha mavjud dorixonalar tarmog‘i, ko‘chma dorixonalari va O‘zbekiston farmatsevtika bozoridagi o‘rni haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.
O‘z o‘rnida mehmonlar ham "The United Laboratories " farmatsevtika mahsulotlarini tadqiq qilish, ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanuvchi Xitoyning yetakchi integratsiyalashgan farmatsevtika kompaniyalari qatoriga kirishini ta’kidladi.
Kompaniya tomonidan 70 dan ortiq tayyor mahsulotlar, jumladan kimyoviy preparatlar, biologik mahsulotlar, shuningdek, gipoglikemik dorilar, infeksiyaga qarshi, yo‘talga qarshi dorilar, analgetiklar, antibiotiklar, dermatologik dorilar , gepatitga qarshi dori vositalari, oftalmologik va nevrologik preparatlar, yurak-qon tomir kasalliklari uchun dori vositalari ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining GMP standartlariga javob beradi.
The United Laboratories hozirda yettita ishlab chiqarish bazasiga ega, 80 ga yaqin mamlakat va mintaqalarda savdo tarmoqlari mavjud.
Uchrashuv davomida Xitoy ishlab chiqaruvchisi kompaniya mahsulotlarini "Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasining dorixonalar tarmog‘i orqali sotishga qiziqish bildirdi, ikki tomon O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga kirish, talab va ehtiyojlar, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqa masalalar yuzasida fikr almashdi. Shuningdek, "Navoiy Dori-Darmon" AJ tarkibidagi “Avitsenna” galen dori vositalari ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatiga investitsiya kiritish yuzasidan ham munozalar olib borildi.
Uchrashuv yakunida, tomonlar aloqalarni mustahkamlash hamda kompaniya vakillarini The United Laboratories faoliyati bilan yaqindan tanishishlari uchun Xitoyga tashrifini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:
Matn xato bilan:
Sizning izohingiz yoki to`gri versiya: