18:00 (13.11.2025)

255

Qandli diabet xavfli, ammo oldini olish mumkin!

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli dorixonalar xodimlari uchun navbatdagi oʻquv-trening boʻlib oʻtdi. Oʻquv oflayn va onlayn formatlarida tashkil etildi.

Navbatdagi treningda “Acino Pharma AG” kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etib, “Qandli diabet xavfli. Lekin oldini olish mumkin!” mavzusida prezentatsiya oʻtkazdilar.

Maʼlumot uchun: "Acino Pharma AG" — Shveysariya farmatsevtika kompaniyasi boʻlib, yuqori sifatli dori vositalarini ishlab chiqarish va tarqatish boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning asosiy yoʻnalishi — rivojlanayotgan mamlakatlar bozori uchun zamonaviy, samarali va xavfsiz dori vositalarini ishlab chiqarishdir. Acino dunyo boʻylab 90 dan ziyod mamlakatlarda oʻz mahsulotlarini taqdim etib kelmoqda.

Oʻquv- trening doirasida ishtirokchilarga qandli diabet haqida ilmiy maʼlumotlar, kasallikning turlari, xavf omillari va uning oldini olish usullari haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, “Acino Pharma AG” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan, qandli diabet, yurak qon -tomir kasalliklarini davolashda, oldini olishda, kondagi glyukoza miqdorini normallashtirishda qoʻllaniladigan, bemorlarga retsept asosida beriladigan dori vositalari haqida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.

Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Xalqaro qandli diabet federatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha 500 milliondan ortiq kattalar qandli diabet bilan yashamoqda.

Kasallikning asosiy xavf omillari — semizlik, jismoniy faollikning kamligi, nosogʻlom ovqatlanish va stress holatlari hisoblanadi.

Qandli diabetning kechiktirilgan yoki kech tashxis qilingan holatlari inson salomatligi uchun katta xavf tugʻdiradi — yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, buyrak yetishmovchiligi, koʻz va asab tizimining zararlanishiga sabab boʻlishi mumkin.

Bu kabi oʻquv-treninglari esa dorixona xodimlari uchun bilim va amaliy koʻnikmalarni oshirish, bemorlarga malakali maslahat berish hamda dori vositalarini toʻgʻri tavsiya etishda muhim rol oʻynaydi.

Taʼkidlash kerakki, “Dori-Darmon” AK — Oʻzbekistondagi yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri boʻlib, aholini sifatli dori vositalari va tibbiy mahsulotlar bilan taʼminlab kelmoqda. Kompaniya xodimlari uchun muntazam oʻquv-treninglar oʻtkazish orqali xizmat sifati va kasbiy malakasi oshirib borilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech