12:30 (17.02.2025)
458
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramiz bo‘yicha 50 milliondan ortiq kishi epilepsiya kasalligidan aziyat chekmoqda. Achinarlisi, keyingi davrda ular soni yiliga 5 million nafarga ortyapti.
Bu patologiya – bosh miyaning surunkali xastaligi. U 70 foiz holatda 20 yoshgacha bo‘lgan davrda rivojlanadi.
Biroq epilepsiya har doim ham yaqqol alomatlar bilan namoyon bo‘lmaydi. Bu esa xastalikni erta bosqichda aniqlash imkonini pasaytiradi. Oqibatda turli asoratlar kelib chiqishi mumkin.
Masalan, fotostimulyasiya — kasallikka tashxis qo‘yishning asosiy usullaridan biri. Bu jarayonda tibbiy texnologiya yordamida bemor ko‘ziga yorqin nur chaqnashlari yo‘naltiriladi.
Ammo mazkur usul faqat fotosensitiv epilepsiyani aniqlashda qo‘l keladi. Xastalikning yorug‘likka sezuvchanligi bo‘lmagan turiga tashxis qo‘yishda esa yangi diagnostika usullariga ehtiyoj bor edi.
Rossiyaning Boltiq federal universiteti hamda N.I. Pirogov nomidagi milliy tibbiy jarrohlik markazi olimlari elektroensefalografiya tahlilining yangi usulini ishlab chiqdi. Bu jarayonda sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalaniladi.
Tadqiqotchilar yangi turdagi tekshiruvni 108 nafar kishida sinovdan o‘tkazdi. Ularning yarmi fotosensitiv bo‘lmagan epilepsiya bilan og‘rigan bemorlar, qolgan qismi esa sog‘lom insonlar edi.
Ma’lum bo‘lishicha, yangi tahlil usuli epilepsiyaning fotosensitiv bo‘lmagan turiga 71 foiz aniqlikda tashxis qo‘yish imkonini beradi. Kelgusida mazkur yangilik keng qamrovda sinovdan o‘tkazilishi kutilmoqda.