18:00 (04.05.2026)
37
"Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasining bir guruh hodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan Samarqandga sayohat qilishdi.
Bir kunlik sayohat davomida dastlab, Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom al-Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi. U XX asr oxiriga oid memorial, diniy va ma’naviy-ma’rifiy inshootlar majmuasi hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2025-yilda qayta bunyod etilgan ushbu bino jamoatchilik tomonidan “O‘zbekiston Toj mahali” deya e’tirof etilmoqda.
So‘ngra sayohat ishtirokchilari Registon maydoniga tashrif buyurishdi. Registon — Samarqandning yuragi, Sharq me’morchiligining noyob namunasi bo‘lib, u uchta mashhur madrasa — Ulug‘bek, Sherdor va Tillaqori madrasalaridan iborat me’moriy ansambldir. Bu maydon asrlar davomida shaharning asosiy ijtimoiy, savdo va madaniy markazi bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi kunda esa u nafaqat O‘zbekistonning, balki butun dunyo turizmining eng mashhur maskanlaridan biri hisoblanadi.
Sayohat davomida kompaniya xodimlari Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, O‘zbekistonning Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ham ziyorat qilishdi.
Hazrati Xizr masjidi Samarqand shahrining muqaddas ziyoratgohlaridan biridir. U Samarqanddagi birinchi musulmon masjidi va me’moriy obidasi sifatida e’tirof etiladi. Masjid Qutayba ibn Muslim tomonidan qurilib, Hazrati Xizr nomi bilan atalgan.
Xoja Doniyor, Qusam ibn Abbos va Hazrati Xizr ziyoratgohlari aslida bitta majmua bo‘lgan. Masjidga kiraverishdagi marmar toshda ko‘rsatilgan “1854 yil” yozuvi uning Buxoro amiri Amir Muzaffarxon tomonidan tiklanganligiga ishoradir.
Majmua Hazrati Xizr masjidi, Shayx Nuriddin Basr Avliyo ziyoratgohi, Maxsum bobo Avliyo ziyoratgohidan iborat.
Bir so‘z bilan aytganda sayohat maroqli, qiziqarli va katta taassurotlarga boy bo‘ldi.