12:00 (16.12.2025)
110
«Rosgosstrax” kompaniyasi mutaxassislari Skandinaviya sog‘liqni saqlash markazi bilan hamkorlikda inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, onkologik kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va odatlar reytingini tuzdi. Ushbu ro‘yxatga mikroto‘lqinli pechda tayyorlanadigan popkorn, energetik ichimliklar, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari hamda chekish kiritildi.
Bir necha daqiqada mikroto‘lqinli pechda tayyorlanadigan popkornning xavfi uning qadoqlash materiali va xushbo‘y qiluvchi qo‘shimchalarida ishlatiladigan kimoviy moddalar bilan bog‘liq. Qizdirish jarayonida paketning ichki qatlamidan ayrim moddalar donalarga o‘tib ketishi mumkin, bu donalar esa allaqachon sintetik ta’m beruvchi qo‘shimchalar bilan qoplangan bo‘ladi. Bunday kombinatsiya organizmga kirib, hujayralarni shikastlashi va shu orqali saraton rivojlanishiga olib keluvchi jarayonlarni qo‘zg‘atishi mumkin. Shuning uchun popkornni qopqoqli tovada yoki mikroto‘lqinli pechda yopiq shisha idishda tayyorlash tavsiya etiladi.
Shuningdek, reytingga energetik ichimliklar ham kiritildi. Ularda shakar, kofein va sun’iy qo‘zg‘atuvchi moddalar miqdori yuqori bo‘lgani sababli yurak-qon tomir va endokrin tizimlarga kuchli ortiqcha yuklama tushadi. Energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish moddalar almashinuvining buzilishiga, immunitetning susayishiga olib keladi. Natijada surunkali kasalliklar va saraton rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga keladi.
Kolbasa va boshqa qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari ham xavfli hisoblanadi. Ularda nitrit va nitratlar qo‘shiladi: bu moddalar mahsulotga rang berib, ularning saqlanish muddatini uzaytiradi, lekin qizdirish (pishirish, qovurish,) jarayonida kanserogen birikmalarga aylanadi. Mutaxassislar taxminiga ko‘ra, bunday mahsulotlarni muntazam iste’mol qilish oshqozon-ichak tizimida saraton rivojlanishi xavfini oshiradi.
Alohida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihat — chekish. Tamaki mahsulotlari va veyplarni iste’mol qilish o‘pka saraton rivojlanishida katta rol o‘ynaydi.
Sog‘lom turmush tarzini yuritish og‘ir kasalliklar, jumladan onkologik kasalliklar rivojlanish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi. «Rosgosstrax” onkosug‘urta polislari bo‘yicha holatlarning 10 foizi yo‘g‘on ichak saratonlari hissasiga to‘g‘ri keladi, shuning uchun oziq-ovqat tanloviga e’tibor qaratish va vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tish juda muhim.
«Oziq-ovqat tanlashi saraton rivojlanish xavfiga ta’sir qiluvchi muhim omil hisoblanadi. Bu yerda faqatgina muayan mahsulotlarning ratsionda mavjudligi emas, balki ovqatlanish rejimi, tayyorlash va saqlash usuli ham ahamiyatga ega”, — dedi Skandinaviya Sog‘liqni Saqlash Markazi onkolog shifokori Sergey Ivanov.