11:50 (20.12.2022)

2505

Shavkat Mirziyoyev: Qaysi vazir oʼz ishini eplay olmasa, isteʼfoga chiqadi

Davlatimiz rahbari 2023 yildagi eng ustuvor yoʼnalishlarga toʼxtalib oʼtdi.

Birinchi yoʼnalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʼtishni taklif  qildi.

Uzoq tayyorgarlik koʼrilgan ushbu islohot doirasida:

- Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan oʼzgaradi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi;

- har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul boʼlib, tarmoq tarkibidagi qoʼmita, agentlik va inspektsiyalarga rahbarlik qiladi;

- koʼp vazirlar oʼzgaradi. Oʼz sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi boʼlayotgan vazirlar lavozimida qoladi;

- davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 25-30 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablagʼlar ijtimoiy masalalarga yoʼnaltiriladi.

Biz korruptsiya haqida koʼp gapiramiz, lekin tizimida korruptsiyaga yoʼl qoʼyilsa, nima uchun vazir javob bermasligi kerak? –dedi  Prezident.

Endi soʼrov boshqacha boʼladi. Vazir oʼz tizimiga ajratilgan mablagʼlarni samarali va maqsadli ishlatish boʼyicha birinchi boʼlib, oʼzi javob beradi.    

Davlat vakillari oʼzining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak.  

Endi, vazirlarning siyosiy masʼuliyati oshirilib, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bevosita vazirlar ishtirokida kollegial hal etiladi.  

Har bir viloyatdagi muammolarni yechish uchun, har oyda joyiga chiqqan holda “Hukumat kuni” oʼtkazilishi yoʼlga qoʼyiladi.  

Vazir har yil boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa uning natijasi boʼyicha  hisobot beradi.  

Taʼkidlab aytmoqchiman – endi, qaysi vazir oʼz ishini eplay olmasa,  isteʼfoga chiqadi, — Shavkat Mirziyoyev.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech