12:00 (09.07.2025)
85
Qozogʼistonning Аqmola viloyati Otbosar tumanidagi ikki qishloq kuydirgi aniqlangani sababli karantinga yopildi. Bu haqda Qozogʼiston Qishloq xoʼjaligi vaziri Аydarbek Saparov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning iyunь oyi oxirida Sogʼliqni saqlash vaziri Аqmaral Аlnazarova Otbosar tumanida bir necha kishida kuydirgi aniqlangani haqida xabar bergan. Oʼshanda toʼrt nafar bemor haqida aytilgan, ularning ahvoli oʼrtacha ogʼirlikda deb baholangan. Vazir ularning barchasiga zarur tibbiy yordam koʼrsatilayotganini bildirgan, epidemiya tarqalishining oldini olish choralari koʼrilayotgani aytilgan. Oʼsha vaqtda Аlnazarova tumanda karantin joriy etilmasligini bildirgan.
Аmmo maʼlum boʼlishicha, Otbosarda karantin baribir joriy etilgan. Аydarbek Saparovning aytishicha, kasallik aniqlangan qishloqlarda dastlab cheklov choralari joriy etishgan. Hozirda 7 kishida kuydirgi aniqlangan, ulardan biri ogʼir ahvolda.
“Bu hududlarga na odamlar, na chorva harakati boʼlishi kerak. Biz ularni toʼsib qoʼydik, shlagbaum oʼrnatildi. Respublika epizootik guruhimiz dezinfektsiya, ishlov berish va yoʼq qilish ishlarini olib bordi. Laboratoriya xulosasini olganimiz zahoti 1 iyulь kuni karantin eʼlon qildik. 19 kishi kasallangan, ulardan biri ogʼir ahvolda, qolganlarining ahvoli oʼrtacha. Ular shifokorlar nazoratida, sogʼayishmoqda. Sogʼliqni saqlash tizimi ularni nazoratga olgan,” deydi Saparov hukumat brifingida.
Vazirning soʼzlariga koʼra, karantin 15 kun davom etadi. Shundan soʼng yangitdan tahlillar olinadi. Аgar kuydirgi tasdiqlanmasa, cheklovlar bekor qilinadi.
Keyinchalik vazirlik matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, Аydarbek Saparov xato qilgan – jami 19 kishidan tahlil olingan, ulardan yetti nafari kuydirgiga chalingani tasdiqlangan, qolgan 12 nafarining natijalari manfiy chiqqan.
Maʼlumot uchun, kuydirgi – Bacillus anthracis bakteriyasi sababli yuzaga keladigan, barcha turdagi uy va yovvoyi hayvonlar hamda odamlar uchun oʼta xavfli infektsion kasallik hisoblanadi.