17:50 (16.07.2024)
574
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida xalq tabobatiga aloqador bo‘lmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolash uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, “Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, sog‘liqni saqlash amaliyotida faqat qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘llashga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qo‘yish va davolash usullaridan, tibbiyot texnologiyalari va dori vositalaridan foydalaniladi.
Biroq amaliyotda ayrim shaxslar moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ruxsat etilmagan usullarni, shu jumladan, xalq tabobatiga aloqador bo‘lmagan usullarni qo‘llagan holda, kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatib, insonlarning sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirmoqda. Bugungi kunda milliy qonunchiligimizda ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda tashxis qo‘yish va davolash xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmaganligi “soxta tabib”larning noqonuniy faoliyatidan jabrlanayotgan fuqarolarning soni ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish nazarda tutilyapti. Xususan, moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ruxsat etilmagan usullarni, shu jumladan, xalq tabobatiga aloqador bo‘lmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi taklif etilmoqda. Shu bilan birga, ruxsat etilmagan hamda xalq tabobatiga aloqador bo‘lmagan usullarni qo‘llash orqali kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilish taqiqlanishi nazarda tutilyapti.