17:57 (14.12.2024)

872

Nafasni nazorat qiluvchi aqlli plastir ishlab chiqildi

Sautgempton (Buyuk Britaniya) olimlari sog‘liq muammolarini diagnostika qilishga mo‘ljallangan aqlli plastir ishlab chiqishdi. Tadqiqot Sensors jurnalida chop etilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bemorning nafas olishi haqidagi ma’lumotlar yordamida turli kasalliklarni, masalan, sepsis va koronavirusning oldini olish mumkin. Biroq, hozirgi mavjud bo‘lgan taqiladigan sensorlar qo‘pol va noqulay. Olimlar teri bilan bevosita aloqa qilmasdan ham nafas olish chastotasini aniq kuzatib boradigan aqlli plastir ixtiro qilishdi.

Qurilma bir nechta funksional qatlamlarga ega bo‘lib, ular yordamida nafas olish chastotasidagi bilinar-bilinmas o‘zgarishlarni ham aniq qayd etishi mumkin. Tajriba doirasida plastir bir daqiqada ikki marta nafas olish aniqligida ishladi. Shuningdek, qurilmani simsiz aloqaga ulash va bemordan ma’lumotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shifokorning kompyuteriga uzatish mumkin.

Mutaxassislar aqlli plastirni arzon va ommaviy ishlab chiqarishga mos deb atashdi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda 435 milliondan ortiq odam nafas olish va unga yondosh kasalliklardan aziyat chekadi, shuning uchun arzon va samarali tibbiy asbob ishlab chiqarish o‘zini oqlaydi. Aqlli plastir klinik sinovlar doirasida qo‘shimcha ravishda tekshiriladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech