12:46 (31.07.2025)

139

AQSH OIVga qarshi birinchi uzoq muddatli ta’sir etuvchi preparatni jahon bozoriga olib chiqmoqda

AQSHning Gilead Sciences farmatsevtika kompaniyasi OIV infeksiyasiga qarshi uzoq muddatli ta’sirga ega birinchi profilaktik dori vositasi - Lenakapavirni jahon bozoriga chiqarishni rejalashtirmoqda.

Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, yiliga ikki marta qilinadigan inyeksiyalar immunitet tanqisligi virusi yuqishidan deyarli 100 foizli himoyani ta’minlaydi. 

FDA (AQSH oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlari sifatini nazorat qilish boshqarmasi) 2025-yil iyun oyi o‘rtalarida preparatni qo‘llashga ruxsat berdi. Ikki hafta oldin esa JSST OIV/OITS tarqalishining oldini olish bo‘yicha yangi qo‘llanma chiqardi va hujjatga "OIV yuqishining kontaktgacha profilaktikasining qo‘shimcha vositasi sifatida" yiliga ikki marta inyeksiya qilish sxemasi bo‘yicha Lenakapavirni qo‘llashni kiritdi.

Tashkilot ekspertlari yangi dorining paydo bo‘lishini "OIV/OITSga qarshi kurash sohasidagi global chora-tadbirlarni qayta ko‘rib chiqishga olib kelishi mumkin bo‘lgan muhim voqea" deb baholamoqda. Bundan tashqari, shu paytgacha OIVga qarshi vaksina ishlab chiqishga ko‘p urinishlar bo‘lgan, ammo ularning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

OIVdan himoyalanish uchun yangi preparat nimadan iborat?

"Lenakapavir uzoq ta’sir ko‘rsatuvchi dori vositasi bo‘lib, u tabletkalarni har kuni qabul qilish va boshqa qisqa muddatli profilaktika vositalariga nisbatan yuqori samarali muqobildir. Lenakapavir bilan profilaktika kursi yiliga faqat ikkita inyeksiyadan iborat bo‘lib, bu OIV xavfi guruhidagi shaxslar, ayniqsa belgilangan profilaktika kursiga har kuni rioya qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan, stigmatizatsiyaga uchragan yoki tibbiy yordamdan foydalanishda cheklovlarga ega bo‘lganlar salomatligini himoya qilish sohasida inqilobiy qadamdir," deya izoh beradi JSST.

"Lenakapavir hozircha mavjud bo‘lmagan OIVga qarshi vaksinaning eng istiqbolli muqobilidir: klinik sinovlar ko‘rsatganidek, ushbu uzoq ta’sir etuvchi antiretrovirus dori vositasi xavf guruhi vakillari orasida OIV yuqish holatlarining deyarli 100 foizini oldini olishga qodir," dedi JSST bosh direktori doktor Tedros Adxanom Gebreyesus.

U JJSTning bunday innovatsion vositalardan iloji boricha tezroq va xavfsizroq foydalanish uchun mamlakatlar va farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini tasdiqladi.

Dunyoda OIV tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat qanday?

Infeksiyadan himoyalanish uchun yangi vositalarning paydo bo‘lishi juda dolzarb. JSST ta’kidlashicha, Lenakapavir OIV profilaktikasi sohasida turg‘unlik kuzatilayotgan bir paytda paydo bo‘ldi. 2024-yilda 1,3 million yangi OIV infeksiyasi holati qayd etilgan.

Yangi himoya vositasi OIVga qarshi bardoshli immunitetni ta’minlamaydi, dori-darmonni har olti oyda qo‘llash lozim. Yillik davolanish kursining (ikkita ukol) narxi taxminan 40 ming AQSH dollariga teng.

 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech