11:00 (29.09.2025)
526
Mikroplastik zarralari qonda, miyada, ko‘krak sutida va hatto suyaklarda ham topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u suyaklar mustahkamligiga putur yetkazadi.
Mikroplastik nafaqat yurak, o‘pka yoki asab tizimiga, balki suyaklar sog‘lomligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xalqaro olimlar guruhining aniqlashicha, plastikning mayda zarralari suyak iligiga kirib borishi va uning faoliyatini izdan chiqarishi mumkin.
Har yili dunyo bo‘yicha 400 mln tonnadan ortiq plastik ishlab chiqariladi va uning zarralari suv va yeguliklardan tortib havoda ham mvjud. Mikroplastik zarralari qonda, miyada, ko‘krak sutida va hatto suyaklarda ham topilgan. Endi ma’lum bo‘lishicha, u suyaklar mustahkamligiga putur yetkazadi.
«Suyak to‘qimasi hujayralarida o‘tkazilgan tajribalarda mikroplastik ularning yashovchanligini susaytirishi, qarishni tezlatishi va shamollash keltirib chiqarishi ma’lum bo‘ldi. Hayvonlarda plastik suyaklar mo‘rtlashishiga olib kelishini kuzatdik», — dedi Kampinas universiteti mineral va suyaklarni o‘rganish laboratoriyasi koordinatori Rodrigo Bueno de Oliveyra.
Uning ta’kidlashicha, mikroplastikning suyaklar mustahkamligiga ta’siri oxirigacha o‘rganilmagan, lekin ko‘plab tadqiqotlar plastik zarralari suyak ichiga kirib borishi va undagi metabolizmni izdan chiqarishini ko‘rsatmoqda.
«Sport, ovqatlanish va dorilar suyaklarni mustahkamlashga yordam berishini bilamiz. Lekin shu vaqtgacha mikroplastikning suyaklarga ta’siri hisobga olinmagan», — dedi Oliveyra.