17:52 (16.04.2025)
188
Хabar berganimizdek, 14-15-aprel kunlari “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi hamda “Oʻzbekiston Dori taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati hamkorligida Markaziy omborxona hududida sumalak sayli oʻtkazildi, ahil va quvnoq jamoa bahorning shoh taomi sumalak tayyorladi. Barcha yaxshi niyat bilan sumalak kovladi.
Cumalak 24 soatda tayyor boʻladi, yarim tungacha qaynatiladi. Shu sabab ham qozon atrofida kompaniya va jamiyat xodimlari jam boʻldi. Vaqtni unumli oʻtkazish uchun bellashuvlar, turli xil qiziqarli oʻyinlar tashkil etildi. Oʻlanlar, laparlar aytildi, yillar davomida ish jarayonida boʻlgan qiziqarli voqelar tilga olindi. Shoʻx kuy-navo ostida raqsga tushishdi. Raqs — bu harakat, goʻzallik, soʻzsiz muloqot.
Kecha 15-aprel kuni sumalak tayyor boʻlgach, kompaniya rahbariyati jamoa bilan bir dasturxon atrofida yigʻildi. Osh tarqatildi. Qurʼon tilovat qilinib, kompaniya rivojiga hissa qoʻshgan, oʻzidan iz qoldirib ketgan ustozlar, xodimlar bir-bir yodga olindi.
Bunday tadbirlar jamoani yanada birlashtiradi, hamjihatlikda ishlashga, bir-birini qoʻllab-quvvatlashga oʻrgatadi. Bu bayram ham xodimlar qalbida unutilmas va xush taassurotlarni muhrladi.