09:00 (30.09.2025)

441

Tadqiqot: Kelgusi 25 yilda dunyo bo'yicha saraton kasalligidan o'lim ko'rsatkichi qariyb 75 foizga oshadi

Davolanish va xavf omillarini kamaytirishga qaratilgan sa'y-harakatlarga qaramay, keyingi 25 yil ichida global saraton kasalligidan vafot etadiganlar soni qariyb 75 foizga oshadi.

Bu haqda Euronews telekanali The Lancet tibbiy jurnalida chop etilgan hisobotga tayanib xabar berdi.

2050-yilga borib 18,6 million odam saraton kasalligidan vafot etishi va bu vaqt ichida yangi kasallanishlar soni 60 foizdan oshib, 30,5 millionga yetishi kutilmoqda.

Hisobotga ko'ra, hozirgi vaqtda saraton kasalligidan o'limning 40 foizdan ortig'i 44 ta xulq-atvor, ekologik va metabolik xavf omillari, jumladan chekish, noto'g'ri ovqatlanish va qonda qand miqdorining yuqoriligi bilan bog'liq.

1990-yildan 2023-yilgacha o'tkazilgan tadqiqotda saratonning 47 turi tekshirildi. Hisobotga ko'ra, 2023-yilda dunyo bo'ylab 18,5 million yangi holat va 10,4 million o'lim qayd etildi, bu 1990-yilga nisbatan sezilarli darajada ko'pdir. Ulardan 57,9 foiz kasallanish holati va o'lim holatlarining 65,8 foizi daromadi kam va o'rta darajadan yuqori bo'lgan mamlakatlarda sodir bo'lgan. Qayd etilishicha, 2023-yilda saraton dunyo miqyosida yurak-qon tomir kasalliklaridan keyin o'lim sabablari bo'yicha ikkinchi o'rinni egallagan.

Kelgusi yillarda saraton kasalligining o'sishidan eng ko'p zarar ko'rgan mamlakatlar kam daromadli mamlakatlar bo'lishi kutilmoqda. Hisobotga ko'ra, ular hozirdan 2050-yilgacha yangi holatlarning yarmidan ko'pi va o'limning uchdan ikki qismini tashkil qiladi.

Tadqiqotchilar, ayniqsa, kam daromadli mamlakatlarda saraton kasalligini tezroq va aniqroq tashxislash, sifatli davolash va yordamdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga chaqirishdi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech