08:59 (16.02.2024)
1074
Tepki (epidemiyali parotit) kasalligi oʼtkir yuqumli kasallik boʼlib, uni qoʼzgʼatuvchi viruslar havo tomchilari orqali yuqadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasi bosh mutaxassisi Xursanoy Jamalova “Daryo” muxbiriga bergan qisqacha intervyusida aytib oʼtdi.
Bolajonlarimiz Milliy taqvimi asosida 1 yoshda va 6 yoshda tepkiga qarshi qizamiq parotit, qizilcha vaktsinasi bilan emlanyapti. Bular orasida emlanmagan va bundan bosh tortgan bolalar bor. Ular orasida tepki kasalligi roʼyxatga olinmoqda.
Epidemiyali parotit yoki tepki, erkaklar bepushtligining sabablaridan biri hisoblanadi. Parotit asab tizimini, quloq oldi, jagʼ osti va soʼlak bezlarini shikastlaydi. Epidemiyali parotit oshqozonosti bezi va bosh miya qobiqlarining yalligʼlanishiga, kamdan kam hollarda — meningoensefalitga olib kelishi mumkin. Parotit, jinsiy sohada tez-tez qaytariladigan asoratlari bilan xavflidir: oʼgʼil bolalar va erkaklar tuxumlarining yalligʼlanishidan aziyat chekadilar, qiz bolalar va ayollar esa – tuxumdonlar shikastlanishidan va bu bepushtlikka sabab boʼlib qolishi mumkin.
Quloqosti bezlarining yalligʼlanishi oqibatida u shishib ketadi. Baʼzilar egiz tuqqan ayollarga teptirish kerak deb, irim qilib uni davolamoqchi boʼladi. Bu notoʼgʼri, albatta, shifokorga murojaat qilish kerak, — deydi Xursanoy Jamalova.
Mutaxassisning qoʼshimcha qilishicha, koʼplab ota-onalar tepki viruslari organizmga tushganidan keyin bu bepushtlikka olib kelishini bilmaydi.
Maʼlumot uchun, Oʼzbekistonda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Hozirgi vaqtda ushbu kalendarь boʼyicha 1 sutkalikdan 16 yoshgacha boʼlgan bolalar belgilangan muddatlarda 13 turdagi vaktsinalar bilan emlanadi. Unga muvofiq, yuqumli kasalliklar, jumladan, difteriya, koʼkyoʼtal, qoqshol, sil, virusli gepatit B, poliomielit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensa tip B (XIB) infektsiyasi, bachadon boʼyni saratoniga qarshi rejali vaktsinatsiya tadbirlari oʼtkaziladi.