13:03 (01.04.2024)
1410
Senatning ellik birinchi yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartirishlar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda farmatsevtika va kimyo sanoatini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda rivojlantirish hamda unga ilgʼor ilmiy-texnika yutuqlarini va innovatsiyalarni joriy etish boʼyicha keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga qoʼshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida mazkur Qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʼgʼrisida”gi Qonunga dori moddalarini (substantsiyalarni) davlat roʼyxatidan oʼtkazish tartibining bekor qilinishini nazarda tutuvchi oʼzgartirish kiritilmoqda.
Shu bilan birga “Fuqarolar sogʼligʼini saqlash toʼgʼrisida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʼgʼrisida”gi qonunlariga dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini tasdiqlash vakolatini Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklovchi, shuningdek retseptsiz yoki shifokor retsepti boʼyicha beriladigan dori vositalari toʼgʼrisidagi axborotni ularning tibbiyotda qoʼllanilishiga doir yoʼriqnomalarda hamda Tibbiyot amaliyotida qoʼllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat reestrida koʼrsatish talabini joriy etuvchi oʼzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, import oʼrnini bosuvchi kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish maqsadida “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʼgʼrisida”gi Qonunga yuridik shaxslarga IV roʼyxat doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim prekursorlarni tegishli litsenziyalarga asosan ishlab chiqarish va tayyorlash huquqini beruvchi oʼzgartirish kiritilmoqda.
Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonun aholining va tadbirkorlik subʼektlarining tibbiyot amaliyotida qoʼllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari toʼgʼrisidagi xabardorlik darajasini oshirishga, shuningdek investorlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni koʼpaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.