08:53 (29.05.2024)
819
“Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga koʻra, hududlar, sohalar va tarmoqlar, xususan, tibbiyot yoʻnalishining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari ajratiladi.
Bunda davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari maqsadli qabul buyurtmachilari hisoblanadi hamda kadrlarga boʻlgan oʻz ehtiyojlarini Davlat komissiyasiga taqdim etadi.
Hududlar kesimida maqsadli qabul tegishli hududda doimiy yashaydigan hamda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarini tamomlagan abituriyentlar orasida tanlov asosida amalga oshiriladi.
Maqsadli qabul kvotasi doirasida talabalikka tavsiya etilgan fuqaro bilan manfaatdor tuman yoki shahar hokimiyati, sohaviy davlat organi va oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida toʻrt tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda talabani ish bilan taʼminlash va uning oʻqishni yakunlagandan soʻng muayyan hududda yoki tashkilotda ishlab berishini monitoring qilish kadr buyurtmachisi zimmasiga yuklanadi.
2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarining boshqa taʼlim shakllariga umumiy qabul parametri kunduzgi taʼlim shakli uchun belgilangan qabul kvotasidan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Davlat buyurtmasi boʻyicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi. Yaʼni, endi davlat grantlari falon universitet uchun berilmaydi, balki yoʻnalish uchun ajratiladi. Biror oliy tibbiy taʼlim muassasasi uchun emas, tibbiyot yoʻnalishi uchun grant berilib, ushbu yoʻnalishga hujjat topshirgan abituriyentlar orasida kvota doirasida eng yuqori ball toʻplaganlari qabul qilinadi.
Demak, biror tibbiyot taʼlim muassasasida boshqa muassasadan koʻra past ball toʻplagan talaba grantga oʻqishi holatlari endi boʻlmaydi.
Rejaga koʻra, davlat grantining barcha kvotasini bitta OTM olib qoʻyishining oldini olish maqsadida ularga 50 foizlik cheklov qoʻyiladi.