15:30 (07.10.2025)
43
2025-yil 7–9-oktyabr kunlari “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri texnopark maydonida "Global Pharmaceutical Leadersʻ Club" hamkorligida tashkil etilgan 6-Yevroosiyo farmatsevtika sammiti - “Farmatsevtika: ijtimoiy kelishuv sifatida” mavzusidagi nufuzli xalqaro tadbir boʻlib oʻtmoqda.
Sammit farmatsevtika sohasidagi muhim yoʻnalishlar, innovatsiyalarni joriy etish, davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish hamda aholining dori vositalariga boʻlgan ehtiyojini qondirish va soha barqarorligini taʼminlashning eng samarali usuli masalalariga qaratilgan.
Yevroosiyo farmatsevtika sammiti - farmatsevtika bozoridagi strategik yechimlar ishlab chiqiladigan, inson salomatligi va jamiyat farovonligiga taʼsir etuvchi muhim platforma hisoblanadi. Unda nazariy hisoblar emas, balki amaliyotga asoslangan tajribalar, haqiqiy muammolar va ularning yechimlari muhokama qilinadi.
Bu yilgi tadbirda 11 ta mamlakatdan kelgan 300 dan ortiq yetakchi ekspertlar, jumladan regulyatorlar, dori vositalari ishlab chiqaruvchi va distribyutor kompaniyalar, dorixona tarmoqlari va ijtimoiy dasturlar sohasidagi mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Sammitning asosiy mavzulari:
➡ Bemorni tizim markaziga qoʻyish: davlat tashabbuslari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xalqaro hamkorlik asosida sifatli va arzon dori vositalarini taʼminlash;
➡ Raqamlashtirish va shaffoflik orqali farmatsevtika bozorida ishonchni mustahkamlash;
➡ Innovatsiyalarni ijtimoiy kapital sifatida qoʻllash va farmakonadzor tizimlarini takomillashtirish;
➡ “Farma 2030” strategik oʻyini doirasida farmatsevtika bozorining kelajak tendensiyalarini modellashtirish.