08:57 (22.07.2025)
440
U har qanday o‘smaga qarshi immunitetni faollashtirishi mumkin.
Florida universiteti olimlari saratonning barcha turiga qarshi immunitet tizimini faollashtira oladigan tajribaviy mRNK vaksinasini yaratishdi. Tadqiqotchilarning aytishicha, vaksina muayyan o‘smani emas, balki umuman saraton hujayralarini aniqlab, ularga hujum qilishni immunitetga o‘rgatadi.
Ilgari ushbu ishlanma miyaning xavfli o‘smasi - glioblastomaga qarshi kurashda samarali ekanligini ko‘rsatgan edi. Endi olimlar uni sichqonlardagi saratonning boshqa turlarida, jumladan teri, suyak va miya saratonida sinab ko‘rishdi. Ba’zi hollarda o‘smalar qo‘shimcha davolanmasdan ham butunlay yo‘q bo‘lib ketdi.
Vaksina COVID-19’ga qarshi preparatlar kabi ishlaydi: u organizmga mRNK ko‘rinishidagi "ko‘rsatmalar"ni yetkazib beradi, bu esa hujayralarni maxsus oqsillar ishlab chiqarishga undaydi. Bu oqsillar o‘smalarni immunitet tizimi uchun aniqroq ko‘rinadigan qiladi, natijada immunitet ularga faol ravishda hujum qila boshlaydi.
Dori vositasi hozircha hayvonlarda sinovdan o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, u kelajakda saratonning barcha turlariga qarshi universal vaksina yaratish uchun asos bo‘lishi mumkin.