17:52 (30.05.2024)

1092

Uchinchi xalqaro farmatsevtika forumi oʼz ishini boshladi

Bugun poytaxtimizdagi "InterContinental Tashkent" mehmonxonasida Uchinchi xalqaro farmatsevtika forumi boshlandi.

Аnʼanaviy tarzda oʼtkazilib kelinayotgan mazkur nufuzli anjumandan koʼzlangan asosiy maqsad — mamlakatimizda bu sohani yanada rivojlantirish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini qoʼllab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish hamda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda qoʼshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish.

Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi va Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining Oʼzbekistondagi vakolatxonalari Аssotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz tegishli vazirlik va davlat idoralari masʼullari, shuningdek Qozogʼiston, Tojikiston, Rossiya, Belarus kabi qator xorijiy davlatlarning farmatsevtika sohasidagi yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari, distribyutorlari, sohani tartibga solish va litsenziyalash boʼyicha mutaxassislari — jami 200 nafardan ortiq kishi ishtirok etmoqda. 

Forumning ochilish marosimida taʼkidlaganidek, soʼnngi 6 yilda yurtimizda formatsevtika sohasida ishlab chiqarish hajmi 3 barobarga, farmatsevtika mahsulotlarining eksport hajmi 6 barobarga oshdi. Bu sohada faoliyat yuritayotdagn korxonalarning soni 1,5 barobarga koʼpayib, 210 taga yetdi. Shuningdek, 58 ta korxonada markirovkalash tizimi joriy etildi. Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ilk farmatsevtika korxonalari tashkil etildi.

Tadbir doirasida qator mavzularga bagʼishlangan shoʼʼba yigʼilishlari, davra suhbatlari hamda B2B va B2G formatida uchrashuvlar oʼtkazildi.

Shoʼʼba yigʼilishlari davomida farmatsevtika sohasini mintaqaviy va xalqaro darajada rivojlantirish va bu borada aniq strategiyalar ishlab chiqish, investitsiyaviy imkoniyatlar, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qoʼshma korxonalarni tashkil etish, dori vositalarini standartlashtirish va mahsulot sifatini nazorat qilishni takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda.  

Shuningdek, tadbirda dunyoning yetakchi farmatsevtika kompaniyalari bilan yurtimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish va investitsiya imkoniyatlarini yanada kengaytirish boʼyicha bir qancha kelishuvlar olib borildi.       

Forum ertaga, 31 may kuni oʼz ishini davom ettiradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech