17:32 (27.05.2025)

181

Aqlli o‘smirlar tengdoshlariga qaraganda ertaroq uxlashga yotadi

Kembrij universiteti olimlari xulosasiga ko‘ra, tengdoshlariga nisbatan ertaroq uxlashga yotadigan va uzoqroq uxlaydigan o‘smirlarning aqli o‘tkirroq bo‘lib, kognitiv testlarda yaxshiroq natijalar ko‘rsatadi.

Tadqiqot natijalari Cell Reports jurnalida e’lon qilingan.

AQShda o‘smirlarning miya rivojlanishi va salomatligini o‘rganishga qaratilgan eng yirik uzoq muddatli loyiha doirasida mutaxassislar 3222 nafar ishtirokchining ma’lumotlarini tahlil qilishdi. Yosh ishtirokchilar miyaning MRT tekshiruvidan o‘tishdi, kognitiv testlarni bajarishdi hamda Fitbit fitnes trekerlari yordamida uyqu tartiblarini qayd etishdi

Erta uxlashga yotish, kechasi uzoq muddat dam olish va uyqu paytida yurak urishining bir maromda bo‘lishi o‘qish, so‘z boyligi, mantiqiy fikrlash va boshqa aqliy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlarda eng yaxshi natijalar bilan bog‘liq ekanligi aniqlandi. Olimlar uyqu va kognitiv funksiyalar o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini taxmin qilishgan bo‘lsa-da, ta’sir darajasi kutilmaganda yuqori bo‘lib chiqdi.

"Bizning fikrimizcha, aynan uyqu kognitiv qobiliyatlarni yaxshilashga hissa qo‘shadi - xususan, uyqu paytida sodir bo‘ladigan xotirani mustahkamlash jarayoni orqali," - deya izoh berdi tadqiqot muallifi, klinik neyropsixologiya professori Barbara Saakyan.

Shunga qaramay, tadqiqotchilar hatto eng yaxshi uyqu odatlariga ega o‘smirlar ham tavsiya etilgan me’yorlardan kamroq uxlashini ta’kidlashmoqda. Amerika uyqu tibbiyoti akademiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar kuniga sakkiz soatdan o‘n soatgacha uxlashlari lozim.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech