11:50 (18.12.2024)

865

Ozempik kam uchraydigan ko‘z kasalligi xavfini oshirishi aytilmoqda

Daniya sog‘liqni saqlash organlari Farmakologik xavfni baholash qo‘mitasidan (PRAC) Daniyada o‘tkazilgan ikkita tadqiqot natijalarini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qilmoqchi, unga ko‘ra, Novo Nordisk kompaniyasining qandli diabetni davolashda mashhur bo‘lgan Ozempik preparati noarteriit old ishemik optik neyropatiya rivojlanish xavfini oshiradi.

Janubiy Daniya universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Ozempik bilan davolangan 2-tip qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda ushbu patologiya rivojlanish xavfi ikki baravardan ko‘proqqa oshgan.

Joriy yilning boshida xuddi shunday xavf mavjudligini ko‘rsatuvchi Amerika tadqiqoti natijalari ham e’lon qilingan edi.

Endi Farmakologik xavfni baholash qo‘mitasi olingan natijalarni tahlil qilishi kerak bo‘ladi.

Novo Nordisk o‘z bayonotida shunday deydi: "Tadqiqot natijalarini sinchkovlik bilan tahlil qilish va xavfsizlikni ichki baholashdan so‘ng, Novo Nordisk kompaniyasi semaglutidning foyda va xavf nisbati o‘zgarishsiz qoladi degan xulosaga keldi." Kompaniyaning asosiy ustuvor vazifasi bemorlarning xavfsizligi hisoblanadi.

Janubiy Daniya universiteti oftalmologiya kafedrasi o‘qituvchisi Yakob Grauslundning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yilda Ozempik Daniya bozoriga chiqqandan so‘ng, mamlakatda noarteriit old ishemik optik neyropatiya holatlari ko‘paygan.

Olimning ta’kidlashicha, Daniyada ushbu kasallikning tarqalish ko‘rsatkichlari amerikalik hamkasblari aniqlaganidek katta emas, ammo Ozempik bilan davolanganlarda ishemik optik neyropatiya holatlari dori qabul qilmaydigan bemorlarga qaraganda ikki baravar ko‘p.

Daniya tadqiqotlarida Ozempik ta’sir qiluvchi moddasi semaglutidning mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlari o‘rganilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech