12:00 (20.11.2025)
146
Astanada gripp va O‘RVI bilan kasallanish holatlari keskin oshdi. Oxirgi haftada 23 mingdan ortiq holat qayd etildi. Bu o‘tgan haftaga nisbatan deyarli 1,5 barobar ko‘pdir.
Poytaxt bosh sanitariya vrachi Aygul Shagaltayeva imzolagan qarorga ko‘ra, kasallanganlarning asosiy qismi — 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Shuningdek, maktab o‘quvchilari orasida eng ko‘p 1–4-sinf o‘quvchilari kasal bo‘lmoqda. Laboratoriyada gripp virusi A(H3N2) hamda bir nechta COVID-19 holatlari tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, barcha ommaviy tadbirlar — konsertlar, sport va bayram tadbirlari — vaqtincha to‘xtatildi.
Epidemiologik mavsum boshlanganidan beri (1 sentabrdan) mamlakatda 1 mln 461 ming ORVI holati qayd etilgan.
Mamlakat bo‘ylab rinovirus, parainfluenza, adenovirus, bokavirus, koronavirus, RS-virus va metapnevmovirus keng tarqalgan. Shuningdek, bolalar va homilador ayollar uchun xavfli hisoblangan “Gonkong grippi” shtammi ham aniqlangan — mavsum boshidan buyon qariyb 600 ta holat qayd etilgan.
Maktablar va bog‘chalarda “ertalabgi filtrlar” o‘tkazilmoqda. Bu jarayonda bolalar va xodimlar ORVI belgilari bo‘yicha tekshiriladi. Kasallanganlar uyda yoki izolyatorda qolib, ota-onalar kelgunga qadar nazorat qilinadi. Agar sinfda kasallar soni 30%dan oshsa, o‘quvchilar masofaviy ta’limga o‘tadi.
Poliklinikalarda O‘RVI va gripp simptomlari bo‘lgan bemorlar uchun maxsus kabinetlar ajratildi. Shuningdek, barcha xodimlar va tashrif buyuruvchilar niqob taqishi majburiy qilib belgilandi, konsultatsiya va gospitalizatsiya uchun onlayn xizmatlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Shifoxonalarda yotqizish joylari infeksiya bo‘limiga moslashtirilmoqda, yaqinlar tashrifi cheklandi, xodimlar shaxsiy muhofaza vositalarida ishlamoqda. Xonalarni tozalash va shamollatish ishlari kuchaytirildi, havoni dezinfeksiya qilish uskunalari qo‘llanilmoqda.
Qayd etilishicha, chora-tadbirlar kasallanish holatlari barqarorlashgunga qadar amal qiladi, aholidan profilaktika qoidalariga rioya qilish va kasallikning birinchi belgilardayoq tibbiy yordamga murojaat qilishni so‘ramoqda.