13:00 (05.02.2024)
1169
Mamlakatimizning Qohiradagi elchixonasi tomonidan ma'lum qilinishicha, Misr sog'liqni saqlash vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasi o'laroq, ushbu mamlakat hukumati tomonidan O'zbekistonga insonparvarlik yordam sifatida ajratilgan "C" va "B" gepatitiga qarshi dori vositalarining joriy yildagi navbatdagi turkumi mamlakatimizga yuborishga kelishildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Unga ko'ra, Misr tomoni 2025-yilga qadar umumiy qiymati 4,2 million dollar bo'lgan jami 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) "C" gepatitiga qarshi "Daklatasvir" va "Sofosbuvir" hamda "B" gepatitiga qarshi "Entekavir" dori vositalarini insonparvarlik ko'magi sifatida O'zbekistonga taqdim etadi.
Kuni kecha «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan insonparvarlik ko'magi sifatida ajratilgan "C" gepatitiga qarshi "Sofosbuvir-400mg" dori vositasining 2024 yildagi uchinchi turkumini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi. Jami 12 dona qutida 6720 ta "Sofosbuvir-400mg" dori vositalari O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.
Eslatib o'tamiz, Misr hukumati mamlakatimizga 2023-yil davomida "C" va "B" gepatitlariga qarshi umumiy qiymati 696 ming AQSH dollarga teng bo'lgan dori vositalarini taqdim etgan.