08:53 (05.03.2025)

361

O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimchalarni ixtiyoriy markirovkalash loyihasi boshlandi

2025-yil 1-martda O‘zbekistonda Prezidentning 2025-yil 28-yanvardagi "Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-13-son Farmoni doirasida amalga oshirilayotgan biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) ixtiyoriy markirovkalash loyihasi boshlandi.

Bu kontrabanda, qalbakilashtirilgan mahsulotlarga qarshi kurashish va iste’molchilarni himoya qilishga qaratilgan mamlakat farmatsevtika va nutritsevtika bozorlarini rivojlantirishdagi muhim qadamdir. Ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va boshqa tadbirkorlik subyektlarining ishtiroki ixtiyoriy bo‘lib, ixtiyoriy markirovkalash davrida ushbu toifadagi tovarlar uchun markirovka kodlarini taqdim etish va kuzatib borish xizmati to‘lov undirilmasdan amalga oshiriladi.

BFQlarni raqamli markirovkalash nima uchun kerak?

Ekspert baholariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinayotgan biologik faol qo‘shimchalarning aksariyat qismi kontrafkt hisoblanadi. Ko‘pincha BFQlar toifasiga hech qanday sinovdan o‘tmagan, ruxsat etilmaydigan dozalarda, sertifikatlarsiz mahsulotlar kiradi, bu esa tabiiyki iste’molchilar salomatligi uchun katta xavf tug‘diradi, shuningdek, davlat uchun sezilarli iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi.

Yuzaga kelgan vaziyatning asosiy sabablaridan biri bojxona to‘lovlarining yuqori darajasi bo‘lib, bu rasmiy ravishda olib kirilgan BFQlarni noqonuniy mahsulotlarga nisbatan raqobatbardoshligini pasaytiradi. Natijada milliy standartlar va texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan kontrafakt va ro‘yxatdan o‘tkazilmagan tovarlar bozorda ustunlik qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-13-son Farmoniga muvofiq, biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarish va ularning muomalasi ustidan davlat nazoratini tartibga solish va kengaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar nazarda tutilgan, chunki ushbu toifadagi mahsulotlar ko‘pincha dori vositalarini qabul qilishning teng muqobili sifatida reklama qilinadi va aholiga sotiladi. Bunda ularni muntazam qabul qilishning samaradorligi va xavfsizligi nuqtayi nazaridan muvofiqlikni baholash amalga oshirilmaydi. Ushbu mexanizm BFQ aylanmasining shaffofligini ta’minlash, ularni olib kirish, sotish va ulardan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, kontrafakt mahsulotlarning tarqalishini minimallashtirish imkonini beradi.

Raqamli markirovka tizimini joriy etish quyidagi maqsadlarga qaratilgan:

• Mahsulotning kelib chiqishi va sifatini nazorat qilish orqali iste’molchilarni sertifikatlanmagan, qalbakilashtirilgan va potensial xavfli BFQlardan himoya qilishni ta’minlash.

• O‘zbekiston Respublikasi hududida biologik faol qo‘shimchalarni import qilish, saqlash, aylanmaga kiritish va sotish jarayonlarini hisobga olish va nazorat qilishning yagona shaffof tizimini yaratish.

• Noqonuniy bozor ulushini kamaytirish, bu soliq tushumlarini ko‘paytirishga va bozor ishtirokchilari o‘rtasida halol raqobatni ta’minlashga yordam beradi.

• Rasmiy ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga ishonchni oshirish, xalqaro yetkazib beruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va biologik faol qo‘shimchalarning shaffof bozorini rivojlantirish.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech