14:05 (31.10.2023)
1965
Ukrainaning Vinnitsa shahrida gepatit A bilan kasallanganlar soni bir hafta ichida uch barobarga oshdi. Bu haqda Ukrainaning 24-kanali xabar berdi.
Vinnitsa viloyati maʼmuriyati sogʼliqni saqlash va reabilitatsiya departamenti direktori oʼrinbosari Tatyana Bondarenkoning maʼlumotlariga koʼra, 174 ta kasallanish holati, jumladan, 32 tasi bolalar oʼrtasida qayd etilgan. Yana 36 nafar bemor nazorat ostida va tashxis tasdiqlanishini kutmoqda.
Taʼkidlanishicha, birinchi holatlar 16-oktabrda qayd etilgan boʼlsa, 24-oktabr kuni tasdiqlangan tashxis bilan 60 nafar bemor kasalxonaga yotqizilgan.
Telekanalning taʼkidlashicha, hozircha infektsiya nimadan kelib chiqqani nomaʼlum. Ammo sogʼliqni saqlash vaziri Viktor Lyashko barcha shahar aholisini joʼmrakdan kelayotgan suvni qaynatishga va faqat ishonchli qadoqlangan suvdan foydalanishga chaqirdi.
30-oktabr kuni Vinnitsa shahrida shahar kengashining holatlar sonining tez oʼsishi sababli maktablarni masofaviy taʼlimga oʼtkazish toʼgʼrisidagi qarori kuchga kirdi. Avvalroq, infektsiyaga nomaʼlum manbadan kelgan suv sabab boʼlgani xabar qilingan edi. Holat yuzasidan jinoiy ish qoʼzgʼatilgan.