17:50 (02.05.2025)

472

JSST va UNICEFning yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovini oshirish boʼyicha qoʼshma bayonoti eʼlon qilindi

Qizamiq, koʼkyoʼtal, difteriya, qoqshol... Bular — emlash orqali oldini olsa boʼladigan kasalliklar. Hatto yaqin yillargacha ushbu patologiyalarga jiddiy xavf omili sifatida qaralmay ham qoʼygandi.

Biroq keyingi paytlarda ana shu xastaliklar dunyo boʼylab yana keng tarqala boshladi. Аyniqsa, Yevropa va Markaziy Osiyoda bu borada epidemiologik vaziyat barqaror emas. Millionlab odamlar hayoti xavf ostida.

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge va UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo boʼyicha mintaqaviy direktori Regina De Dominichis tomonidan eʼlon qilingan qoʼshma bayonotda shu haqda soʼz boradi.

Qayd etilishicha, oʼtgan yili Yevropa mintaqasida qizamiq bilan kasallanganlar soni 127 ming nafardan oshgan. Bu — soʼnggi 27 yildagi eng yuqori koʼrsatkich.

Koʼkyoʼtalga chalinganlar soni esa 2023 yilda 87 ming nafarga yetib, oxirgi 29 yildagi rekord darajadagi oʼsish tendentsiyasi kuzatilgan.

Bu — mintaqada bolalarni muntazam emlash qamrovi turgʼun qolayotgani, ayrim mamlakatlarda esa sezilarli darajada kamayayotgani oqibatidir. Yaʼni har yili yarim milliondan ortiq bolalar vaktsina olishdan chetda qolmoqda.

Аgar hozirgi tendentsiyalar saqlanib qolsa, kelgusida mintaqada epidemiologik vaziyat keskinlashishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, JSST va UNICEF barcha mamlakatlarni bu yoʼnalishda shoshilinch choralar koʼrishga chaqirdi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech