17:30 (25.09.2025)
524
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti autizm bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi. Tashkilot ma’lum qilishicha, hozirgi paytda homiladorlik davrida paratsetamol (atsetaminofen) qabul qilinishi va autizm rivojlanishi o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini tasdiqlaydigan ishonchli ilmiy dalillar mavjud emas.
Autizm spektri buzilishlari — bu bosh miya rivojlanishidagi turli xil nevrologik buzilishlarni o‘z ichiga olgan holat bo‘lib, dunyo bo‘ylab taxminan 62 million nafar inson ushbu holat bilan yashamoqda. Har 127 kishidan 1 nafariga autizm spektridagi tashxis qo‘yilgan.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, autizmning aniq sabablari hali ham to‘liq aniqlanmagan. Homiladorlik davridagi dori vositalarini qabul qilish bilan bog‘liq masalalar so‘nggi o‘n yilda ko‘plab ilmiy tadqiqotlar mavzusiga aylangan. Shu bilan birga, hozircha paratsetamol bilan autizm o‘rtasida bog‘liqlikni tasdiqlovchi aniq ilmiy asoslar yo‘q.
JSST barcha ayollarga homiladorlik paytida dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasi asosida, ehtiyotkorlik bilan qabul qilishni tavsiya etadi. Ayniqsa, homiladorlikning birinchi uch oyida shifokor nazorati muhim hisoblanadi.
Vaksinalar va autizm o‘rtasida ham bog‘liqlik yo‘q
Tashkilot, shuningdek, bolalarni vaksinatsiya qilish va autizm rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida tarqalgan noto‘g‘ri ma’lumotlarni rad etdi. 1999-yildan buyon JSST bilan hamkorlik qiluvchi mustaqil mutaxassislar bir necha marta vaksinalar, jumladan, tiomersal yoki alyuminiy saqlovchi preparatlar autizm yoki rivojlanishdagi boshqa nuqsonlarga olib kelmasligini isbotlovchi dalillar bilan tasdiqlagan.
Bolalarni emlash bo‘yicha taqvimlar JSST metodik rahbarligida, xalqaro ekspertlar va mamlakatlar ishtirokida, ilmiy dalillarga asoslangan holda ishlab chiqiladi. Bu taqvimlar so‘nggi 50 yil mobaynida 154 milliondan ortiq insonning hayotini saqlab qolishga yordam bergan.
Emlashning belgilangan muddatlarini kechiktirish yoki buzish, dalillarga tayanmasdan o‘zgartirish infeksion kasalliklarning faqat bolalar emas, balki butun jamiyat orasida tarqalish xavfini keskin oshiradi. Ayniqsa, emlash yoshiga yetmagan chaqaloqlar va immuniteti past shaxslar bu holatda katta xavf ostida qoladi.
Autizm va asab tizimining rivojlanishidagi buzilishlar 2025-yil 25 sentabr kuni BMTning ruhiy salomatlik va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha to‘rtinchi yuqori darajali yig‘ilishida muhokama qilindi. JSST autizm muammosini chuqurroq o‘rganish, autizm bilan yashovchi shaxslar va ularning oilalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.