15:04 (17.10.2023)
1783
Dunyoda demografik oʼzgarishlar jarayoni ancha jadallashgan. Masalan, Yevropa qitʼasida kelgusi yili 65 yoshdan oshgan fuqarolar soni 15 yoshgacha boʼlgan bolalar va oʼsmirlar sonidan oshishi prognoz qilinyapti.
Oʼz navbatida, pensionerlar safi chorak barobar koʼpayishi kutilmoqda. “Koʼhna qitʼa” aholisining bunday “tez qarishi” keksa avlod vakillari salomatligi bilan bogʼliq yangi tavsiyalar ishlab chiqilishi uchun asos boʼlyapti.
Xususan, JSST tomonidan eʼlon qilingan yangi hisobot shu mavzuga taalluqli boʼldi. Unda keltirilishicha, keksalikni sogʼlom va zavqli oʼtkazish uchun, avvalo, osh tuz isteʼmolini kamaytirish hamda transyogʼlar va shakar tanavvulini cheklash kerak.
Chunki dunyo boʼyicha katta yoshli aholining har 3 nafardan biri gipertoniyadan aziyat chekmoqda. Bu esa yurak-qon tomir va asab tizimi, buyrak kasalliklari, oshqozon saratoni, semizlik, osteoporozdan aziyat chekuvchi bemorlar soni koʼpayishiga olib kelyapti.
Qolaversa, 65 yoshdan oshgan odamlar haftasiga kamida ikki yarim soat oʼrtacha intensivlikdagi jismoniy mashgʼulotlar bilan shugʼullanishlari kerak.
Negaki, kamharakatlik oqibatida dunyo boʼyicha yiliga 5 million kishi hayotdan koʼz yummoqda. Eng yomoni, kelgusida bu koʼrsatkichlar yanada ortishi mumkin.
Vaholanki, olimlar kuniga 11 daqiqa piyoda yurish erta oʼlim xavfini 10 foizga kamaytirishini tadqiq etgan.
Haftada kamida ikki kun mushaklarni chiniqtiruvchi mashgʼulotlarni bajarish ham organizmning kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini kuchaytiradi.
Surunkali xastaliklardan aziyat chekayotganlar ham imkon qadar jismoniy faollik asosida hayot kechirishlari foydali.