11:52 (29.05.2025)
155
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘rsatkichlarning o‘sishi asosan Sharqiy O‘rta yer dengizi, Janubi-Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Tinch okeani mamlakatlarida kuzatilmoqda.
Joriy yilning fevral oyidan boshlab koronavirus bilan kasallanish yana o‘sa boshladi, nazorat punktlarida ijobiy testlar ulushi o‘tgan iyul oyidan beri birinchi marta 11 foizga yetdi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) saytidagi ma’lumotnomada aytildi.
"Nazorat punktlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil fevral oyining o‘rtalaridan boshlab SARS-CoV-2 ning global faolligi ortib bormoqda va ijobiy test natijalari ulushi 11 foizga yetdi, bu 2024-yil iyulidan beri kuzatilmagan," - deyiladi matnda.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sish asosan Sharqiy O‘rta yer dengizi, Janubi-Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Tinch okeani mamlakatlarida kuzatilmoqda. Tashkilot ekspertlarining ta’kidlashicha, emlash kasallikning og‘ir shakllari va koronavirusdan o‘lim holatlarining oldini olishning asosiy chorasi bo‘lib qolmoqda.
COVID-19 kasalligi bo‘yicha favqulodda holat rejimi jahon sog‘liqni saqlash tizimida 2020-yil yanvar oyi oxiridan 2023-yil 5-maygacha amalda bo‘lgan. JSSTning 2025-yil 16-martdagi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 777 664 564 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan va 7 091 788 kishi vafot etgan.