15:05 (30.07.2024)
971
Parranda grippiga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchi Sinergium Biotech o‘z ma’lumotlarini past va o‘rta daromadli mamlakatlar ishlab chiqaruvchilariga taqdim etadi. Bu esa pandemiya yuzaga kelgan taqdirda vaksina paydo bo‘lishini tezlashtirishga imkon beradi, deb xabar berdi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST).
H5N1 virusiga qarshi mRNK-vaksina ishlab chiqishni boshlagan Argentina xususiy biofarmatsevtika kompaniyasi o‘z tadqiqotlari natijalarini hamkor ishlab chiqaruvchilar tarmog‘i bilan bo`lishishga tayyorligini ma’lum qildi. Tarmoq JSST tashabbusi bilan COVID-19 pandemiyasi davrida kambag‘al mamlakatlarni hayotiy muhim dori-darmonlar va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uchun tashkil etilgan.
Hozirgacha hamkorlar faqat JSSTdan yordam olishgan. Bu vaksina ishlab chiqaruvchisi o‘z ishlanmalarini boshqa kompaniyalar bilan ixtiyoriy ravishda baham ko‘rishga tayyor bo‘lgan birinchi holatdir.
JSSTning mRNK texnologiyasini uzatish dasturi 15 ta mamlakat ishlab chiqaruvchilarini birlashtiradi. Ular orasida Janubiy Afrikadan Biovac va Senegaldan Institut Pasteur bor.