08:49 (28.01.2025)
643
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qo‘shma Shtatlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tarkibidan chiqishi haqida xabar berganini tasdiqladi. Prezident Donald Tramp tomonidan imzolangan qaror 2026-yil 22-yanvardan kuchga kiradi.
AQSH JSSTning eng yirik moliyaviy ko‘makchisi bo‘lib, umumiy byudjetining taxminan 18 foizini ta’minlaydi. Tashkilotning so‘nggi ikki yillik byudjeti 2024–25 yillar uchun 6,8 milliard dollarni tashkil etdi. Biroq, AQSH o‘z majburiyatlari doirasida JSST a’zoligidan chiqquniga qadar qancha pul to‘lashi kerakligi hozircha noma’lum.
Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini koronavirus va sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa global inqirozlarda javob choralarini vaqtida ko‘ra olmagani uchun keskin tanqid qildi. U shuningdek, AQSHning pandemiya shartnomasi bo‘yicha muzokaralardagi ishtirokini tugatishni va JSST bilan ishlaydigan Amerika vakillarini chaqirib olishni buyurdi.
“Hayotiy dasturlarning amalga oshirilishini ta’minlay oladigan muqobil hamkorlarni qidiramiz”, — deyiladi farmonda.
Mutaxassislar AQSHning tarkibdan chiqishi JSSTning asosiy dasturlariga, jumladan sil, OIV/OITS va sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashga putur yetkazishidan qo‘rqishadi, deb yozadi Reuters agentligi.
JSST rasmiylari Vashingtonning qaroridan taassuf izhor etib, buni global salomatlik uchun jiddiy tahdid deb atadi. Tramp avvalroq 2020-yilda AQSHni JSST tarkibidan chiqarishga harakat qilgan, biroq bu jarayon Jo Bayden ma’muriyati tomonidan to‘xtatilgan edi.