09:00 (12.06.2026)

42

Ibuprofenni bo‘g‘im og‘riqlarida uzoq muddat qo‘llash xavfli bo‘lishi mumkin

Bo‘g‘im og‘riqlaridan aziyat chekayotgan millionlab insonlar ibuprofenni uzoq muddat qo‘llash uchun xavfsiz vosita deb hisoblab, uni muntazam qabul qiladi. Biroq ushbu dori vositasini tez-tez va nazoratsiz iste’mol qilish jiddiy asoratlarga, jumladan oshqozondan qon ketishi, buyraklar shikastlanishi hamda yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolar xavfining ortishiga olib kelishi mumkin.

Bu haqda tayanch-harakat tizimi kasalliklari bo‘yicha mutaxassis Entoni Pol Smit ma’lum qildi.Mutaxassisning ta’kidlashicha, ibuprofen kasallik alomatlarini qisqa muddatga yengillashtirishi va harakatchanlikni yaxshilashi mumkin. Biroq preparat tog‘ay to‘qimasining yemirilishi, suyaklardagi o‘zgarishlar va bo‘g‘imlardagi surunkali yallig‘lanish jarayonlarini to‘xtatmaydi.

Preparatni uzoq muddat qabul qilish bilan bog‘liq eng katta xavflardan biri uning oshqozon-ichak tizimiga salbiy ta’siridir. Ibuprofen oshqozon shilliq qavatini shikastlab, yaralar paydo bo‘lishi va ichki qon ketishi xavfini oshirishi mumkin. Ayniqsa, dorini yuqori dozalarda — sutkasiga 2400 milligramm va undan ortiq miqdorda muntazam qabul qilish xavfli hisoblanadi.

Yana bir jiddiy xavf buyraklar bilan bog‘liq. Nosteroid yallig‘lanishga qarshi preparatlar buyraklarda meyoriy qon aylanishini ta’minlashga yordam beruvchi moddalar ishlab chiqarilishini kamaytiradi. Natijada buyrak faoliyati yomonlashishi mumkin. Bu xavf ayniqsa buyrakning surunkali kasalliklari, yurak-qon tomir xastaliklari mavjud bo‘lgan yoki organizmi suvsizlangan insonlarda yuqori bo‘ladi.

Bundan tashqari, ibuprofenni uzoq muddat qo‘llash qon bosimining ko‘tarilishi, organizmda suyuqlik ushlanib qolishi (shishlar) va ayrim yurak-qon tomir asoratlari xavfining ortishi bilan ham bog‘liq.

Keksa yoshdagi insonlarda xavf yanada yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki ular ko‘pincha bir vaqtning o‘zida bir nechta dori vositalarini qabul qiladi. Ibuprofen esa qon bosimini tushiruvchi dorilar, antikoagulyantlar (qonni suyultiruvchi vositalar), antidepressantlar hamda diabetni davolashda qo‘llaniladigan ayrim preparatlar bilan o‘zaro ta’sirga kirishishi mumkin.

Shu bilan birga, mutaxassis ibuprofenning o‘zi xavfli dori emasligini ta’kidlaydi. Undan qisqa muddat davomida va minimal samarali dozada foydalanish ko‘p holatlarda foyda keltiradi. Asosiy muammo preparatning shifokor maslahatisiz, o‘zboshimchalik bilan muntazam qabul qilinishi bilan bog‘liq.

Mutaxassis jismoniy faollikni oshirish, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish va fizioterapiya mashg‘ulotlarini tavsiya etadi. Shuningdek, issiqlik muolajalari, qulay poyabzal kiyish, kun davomida jismoniy yuklamani to‘g‘ri taqsimlash hamda mahalliy qo‘llaniladigan yallig‘lanishga qarshi gellardan foydalanish ham samarali bo‘lishi mumkin. Bunday gellar tabletkalarga nisbatan butun organizmga kamroq nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech