17:39 (24.10.2023)

1977

“Dok-1 Maks”ni bemorlarga tavsiya qilish uchun shifokor va dorixonachilarga pul toʻlab kelinganligi aytilmoqda

Oʻzbekistonda kamida 65 nafar bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan “Dok-1 Maks” siropini ishlab chiqargan tadbirkorlar bemorlarga mazkur dorini tavsiya qilish uchun shifokor, hamshira va dorixona xodimlarini ragʻbatlantirib kelgan.

Bu haqda sudning 23-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida maʼlum boʻldi, deb xabar bermoqda “Daryo”.

Sud majlisida koʻrsatma bergan Soliq qoʻmitasi vakiliga koʻra, ishlab chiqaruvchilar “Dok-1 Maks” siropini bemorlarga tavsiya qilgan va uning koʻproq sotilishiga hissa qoʻshgan shifokorlarga 5 milliard 57 million soʻmlik ragʻbat puli toʻlagan.

Shifoxonalarda emlash bilan shugʻullangan hamshiralarga esa 122 million soʻmlik mukofot pullari berilgan. Oʻz navbatida, ular ham siropni bemorlarga tavsiya qilgani aytildi.

“Dok-1 Maks“ siropini boshqalarga nisbatan koʻproq sotgan dorixona sotuvchilari va rahbarlarini muokofotlash uchun esa 2 milliard 345 million soʻm mablagʻ ajratilgan. „Quramax Medikal“ MCHJ masʼullari korxona faoliyatiga hissa qoʻshgan xodimlariga konvert usulida 13 milliard soʻmlik oylik maosh toʻlab bergan”, — deyiladi nashr xabarida.

Soliqchining qoʻshimcha qilishicha, bu mablagʻlar daromad soliqlariga tortilgach, MCHJning qoʻshimcha 9 milliard 600 million soʻmlik soliq qarzdorligi yuzaga kelgan.

Hindistonlik sudlanuvchi, “Quramax Medikal” MCHJ direktori S.R.P. manfaatini himoya qilayotgan advokat Davron Ahmadov soliqchining maʼlumotlariga eʼtiroz bildirib, nega shifokorlar oʻz vazifasini bajarib, bemorga dori tavsiya qilgani, muolaja uchun dorilar yozib bergani uchun ulardan undirilayotgan daromad soliqlarini aynan “Quramax Medikal” MCHJ toʻlab berishi kerakligini soʻradi.

Soliqchi Soliq kodeksiga koʻra, “Quramax Medikal” MCHJ soliq agenti sifatida koʻrilganini, shu sabab shifokorlarga toʻlangan 5 milliard 57 million soʻmlik puldan olingan daromad soligʻi aynan MCHJdan undirilishini maʼlum qildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech