16:15 (15.09.2025)

63

Yashirin omborlarda saqlanayotgan qalbaki “Geparin”, “Aktovegin”, “Xilak forte”, “Ursofalk” kabi dorilar fosh qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Namangan viloyat bojxona boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlarini jalb qilgan holda tezkor tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “Xavfsizlik” Telegram-kanali.

Unda aytilishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, Uychi tumanida yashovchi, 1985, 1992 va 1993-yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro oʻzaro til biriktirib, kontrafakt va sifat sertifikatiga ega boʻlmagan dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanayotgani fosh qilingan.

Shundan soʻng, ularga tegishli boʻlgan Namangan shahri va Uychi tumanidagi 5 ta manzildagi mavjud yashirin omborlar xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Fransiya, Italiya, Turkiya, Vyetnam, Isroil, Polsha, Ukraina, Germaniya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan hamda tegishli hujjatlarga ega boʻlmagan, taxminiy qiymati 7,2 milliard soʻmlik 1 ming 267 turdagi jami 102 ming 640 quti kontrafakt dori vositalari (“Geparin”, “Aktovegin”, “Xilak forte”, “Ursofalk” va boshqalar) mavjudligi aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida ushbu dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.

Bundan tashqari, rasmiylashtiril dori vositalari orasida tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar boʻlgan “Testosteron” va “Retabolil” nomli preparatlar mavjudligi ham fosh boʻlgan. Maʼlum boʻlishicha, mazkur kontrafakt dori vositalari mamlakatimizga Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3 va 251-1-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rejalashtirilib, hozirda tergovga qadar surishtiruv harakatlari boshlab yuborilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech