15:04 (12.07.2023)

2599

Yevropada chaqaloqlar oʼrtasida exovirus infektsiyasi keng tarqalmoqda

Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotiga Yevropaning olti davlati — Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Xorvatiya va Shvetsiyadan yangi tugʼilgan chaqaloqlarda exovirus-11 (E-11) bilan kasallanish holatlari koʼpayayotganiga doir xabarlar kelib tushdi.

Xususan, Fransiya sogʼliqni saqlash vazirligi shu yil may oyida mazkur infektsiya tufayli goʼdaklar oʼrtasida sepsisning ogʼir shakllari ortganini maʼlum qilgan.

Oqibatda bu yerda yetti nafar goʼdak hayotdan koʼz yumdi, yana ikki nafarining ahvoli ogʼir. Iyun oyidan boshlab esa Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham infektsiyaga chalinish holatlari qayd etilgan.

Tahlillarga koʼra, 2016 yildan 2021 yilgacha dunyo boʼyicha chaqaloqlar oʼrtasida E-11 ni yuqtirish koʼrsatkichi boshqa yuqumli kasalliklarga qiyoslaganda 6,2 foizni tashkil etgan boʼlsa-da, oʼtgan yili bu raqamlar 55 foizgacha koʼtarilgan.

JSST garchi bu holatni aholi salomatligi uchun global xavf deb baholamagan boʼlsa-da, shifokorlarni tekshiruv qamrovini oshirishga va ehtiyotkorlikka chaqirdi. 

Exovirus — turli yuqumli xastaliklarni keltirib chiqaruvchi, oʼzida ribonuklein kislotalar saqlovchi enteroviruslar (ichak viruslari) guruhiga mansub. Odatda xastalik yengil shaklda davom etadi. Аmmo yangi tugʼilgan chaqaloqlarda infektsiya oʼtkir virusli gepatit, sepsis, meningit va qon ketishining buzilishi kabi kasallik va ogʼir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech