09:00 (24.06.2025)
308
Joriy yil 7-may kuni Prezidentimiz raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tizimdagi muammolar batafsil koʻrsatib oʻtilganidan xabaringiz bor.
Xususan, sohani raqamlashtirish, jumladan, “elektron poliklinika”, “elektron shifoxona”, “elektron retsept” modullarini ishga tushirish ortda qolayotgani tanqid qilindi. Hozirga paytda tizimda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayoni shu tanqidiy fikrlar asosida qayta koʻrib chiqilib, zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Yunusobod tumanida tajriba tariqasida sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish taklif qilingan boʻlib, bunga Sogʻliqni saqlash, Raqamli texnologiyalar vazirliklari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti masʼul sifatida belgilangan edi.
Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligining Raqamli texnologiyalarni joriy etish va muvofiqlashtirish boshqarmasi, Yagona integrator – “UZINFOCOM” hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari tomonidan tumandagi dorixonalarda oʻrganish ishlari olib borildi.
Jarayon davomida tumanda joylashgan 198 ta dorixonadan 185 tasida (93.4%) DMED tizimi faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilganligi 10 ta dorixonada tizimga ulanish ishlari yakuniy bosqichdaligi hamda 3 ta dorixona faoliyati tugatilganligi aniqlandi.
Maʼlumot uchun, “Elektron retsept” moduli sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish doirasida ishlab chiqilgan zamonaviy elektron dasturiy yechim boʻlib, dori vositalarini bemorlarga elektron koʻrinishda tayinlash va nazorat qilish imkonini beradi.
Modulning asosiy maqsadlari:
✅ Retseptlar berilishida shaffoflik va aniqlikni taʼminlash;
✅ Bemorlar tomonidan retseptlarni mobil ilovalar orqali koʻrish imkonini yaratish;
✅ Dori vositalari belgilangan doza va shakllarini hisobga olgan holda retseptlar tuzish;
✅ Dorixonalarda dori vositalari real vaqtda markirovkasini tekshirib sotishni taʼminlash;
✅ Hisobot va tahlil jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish
Modulning afzalliklari:
- Retseptlar soxtalashtirilishining oldi olinadi;
- Notoʻgʻri dozalar va dori shakllarini tayinlash xatolari kamayadi;
- Bemorlar uchun qulaylik va axborotga tezkor kirish imkoni yaratiladi.
Bu natijalar sohada ochiqlik, shaffoflik va dori vositalari muomalasi ustidan samarali nazoratni taʼminlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.