12:00 (14.10.2025)

47

Yurtimizda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari bo‘lib o‘tmoqda

Kecha yurtimizning 4 ta hududida Qozog‘iston tibbiyoti kunlariga start berildi.

Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Buning uchun mamlakatimizga qo‘shni davlatning 100 nafarga yaqin yetuk tibbiyot xodimlari yetib keldi.

Tadbir Samarqand, Buxoro, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining tibbiyot muassasalarida bo‘lib o‘tadi. To‘rt kun davomida qozog‘istonlik yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida kardiologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya, urologiya, onkologiya, ginekologiya, bolalar jarrohligi, endokrinologiya va boshqa yo‘nalishlarda tibbiy maslahatlar, jarrohlik amaliyotlari va mahorat darslari tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Milliy tibbiyot markazi va kardiologiya, onkologiya, travmatologiya, ftiziatriya yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida qo‘shma yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajariladi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonning 7 ta oliy ta’lim muassasalari vakillari tomonidan Toshkent davlat tibbiyot universitetida talabalar o‘rtasida fan olimpiadasi hamda sport musobaqalari tashkil etiladi.

Tadbir doirasida Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan to‘rtta mobil tibbiyot majmuasi yurtimizga keltiriladi. Ular yordamida Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida aholi birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Aksiyaning yakuniy qismi sifatida 17 oktabr kuni poytaxtimizda “O‘zbekiston — Qozog‘iston: xalq salomatligi yo‘lida hamkorlik” mavzusidagi forum bo‘lib o‘tadi va unda aloqalarimiz istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech