18:01 (25.07.2024)
874
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Toshkent shahar bolalar koʼp tarmoqli shifoxonasini tashkil etish toʼgʼrisida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, koronavirus infektsiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moʼljallangan maxsus Zangiota 2-son shifoxonasining boʼsh turgan bino va inshootlaridan samarali foydalanish hamda 18 yoshgacha boʼlgan bolalar uchun zamonaviy, yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʼrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
Toshkent shahar hokimligining “Toshkent” MFY Yangi aylanma yoʼli manzilida joylashgan “Zangiota-2” shifoxonasi oʼrnida Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasi shaklidagi 500 oʼrniga moʼljallangan Toshkent shahar bolalar koʼp tarmoqli shifoxonasi tashkil etiladi.
“Zangiota-2” shifoxonasining bino va inshootlari tegishli hududi bilan Bolalar shifoxonasiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.
Shifoxonaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʼladi:
♦ 18 yoshgacha boʼlgan bolalarda zarur tibbiy tekshiruvlarni oʼtkazish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsulьtativ hamda ixtisoslashtirilgan statsionar yordamini koʼrsatish;
♦ tuman tibbiyot birlashmalariga amaliy-metodik yordam berish;
♦ Toshkent shahar tibbiyot muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va boshqaruv usullarini joriy etishda koʼmaklashish;
♦ tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ishtirok etish.
2024 yil 1 sentyabrga qadar Bolalar shifoxonasining bino va inshootlarida zarur qurilish hamda taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, bolalarga tibbiy yordam koʼrsatishga moslashtiriladi.