17:50 (05.03.2025)
317
Besh kun davomida yog‘li taomlar va shirinlik iste’mol qilish miya faoliyatini o‘zgartirdi, hatto vazn o‘zgarmagan bo‘lsa ham. Tyubingen universiteti olimlari nosog'lom ovqatlanishning miya faoliyatiga ta’sirini ma’lum qildi, deb yozadi Nature nashri.
Tajribada 29 nafar sog‘lom erkak ishtirok etdi. Ulardan 18 nafari alohida tayyorlangan, shokolad, chips va fastfudni o‘z ichiga olgan yuqori kaloriyali mahsulotlar to‘plamini iste’mol qilishdi. Besh kun davomida ular odatdagidan o‘rtacha 1,2 ming kaloriya ko‘proq iste’mol qilgan. Nazorat guruhidagilar esa odatiy ratsionga amal qilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, hatto qisqa muddatli nosog‘lom ovqatlanish ham miyaning metabolizmni tartibga soluvchi va ishtahani bo‘g‘uvchi gormon — insulinga bo‘lgan reaksiyasini susaytiradi. Bu ta’sir semiz odamlarda kuzatiladigan o‘zgarishlarga o‘xshaydi.
"Biz o‘zgarishlar sog‘lom odamlarda bunchalik sezilarli bo‘lishini kutmagandik," — dedi neyrobiolog Stefani Kullman. Shunga qaramay, olimlarning ta’kidlashicha, ularning tadqiqotlari to‘liq emas, chunki ular foydali oziq-ovqatlarni ortiqcha iste’mol qilishning organizmga ta’sirini hisobga olmagan.