15:00 (06.11.2024)
508
Monreal shahrida Farmatsevtika mahsulotlariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha xalqaro kengash Assambleyasi ICH’ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda mamlakatimizdan “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM direktori Alisher Temirov ishtirok etmoqda. Bu O‘zbekistonning ushbu nufuzli tashkilot yig‘ilishidagi ilk qatnashuvi, deya xabar bermoqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati.
Kengashda o‘z taqdimoti bilan nutq so‘zlagan Alisher Temirov, O‘zbekiston milliy regulyator organi va uning vazifalari hamda aholini sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashda muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu esa ICH a’zolari tomonidan yuqori e’tirof etilib, yig‘ilishda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasini ICH’ga rasmiy ravishda kuzatuvchi maqomida qabul qilinishi bir ovozda ma’qullandi.
Aytish joiz, ICH’da kuzatuvchi maqomini olish O‘zbekiston Respublikasining jahon farmatsevtika hamjamiyatiga integratsiyalashuvi jarayonidagi muhim qadam bo‘lib, mahalliy tartibga solish standartlarini xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratadi.
Ma’lumot uchun, ICH (International Council for Harmonisation of Technical Requirements for Pharmaceuticals for Human Use) 1990-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dori vositalarining sifatini, xavfsizligini va samaradorligini ta’minlash uchun farmatsevtika mahsulotlari uchun xalqaro ilmiy va texnik talablarni muvofiqlashtiruvchi kengash hisoblanadi. Bugungi kunda ICH tarkibida 19 ta to‘laqonli a’zo va 36 ta kuzatuvchi maqomidagi ishtirokchi mavjud bo‘lib, ulardan asosiylari AQSH, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, shuningdek, bir nechta xalqaro tashkilotlarning tartibga soluvchi organlaridir.