17:33 (30.07.2024)

963

O‘zbekistonda bolalar va onalar o‘limi ko‘rsatkichlari kamaydi

Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida onalar va bolalar o‘rtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sog‘lomlashtirish dasturlarining amaliyotga joriy etilgani, shuningdek onalar va bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam takomillashtirilishi natijasida onalar o‘limi darajasi 34 foizga, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi 26 foizga kamaygan. 

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Respublika miqyosida, hududlarda va tuman (shahar)larda “365 kun /24 soat” tamoyiliga asosan onalar va bolalarga ko‘rsatiladigan yordamni nazoratga olish, tahlil qilish, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari va poliklinikalarda bolalar bo‘limlari tashkil etilgan. Shuningdek, barcha “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 20 ming bolalar hamishirasi hamda patronaj-doya lavozimi joriy etilgan. Tuman, (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida “bolalar bo‘limlari”, “qizlar salomatligi” bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilning yarim yilida 1 962 ta kardioxirurgik, 460 endoskopik, 583 ta neyroxirurgik yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, 2985 nafar bolalarda nogironlikning oldi olingan. Bundan tashqari, 200,2 ming nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar audioskriningdan o‘tkazilib, 267 nafar bolaga koxlear implantat o‘rnatilgan va eshitish qobiliyati tiklangan.

Majlisda deputatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etib, tibbiyot muassasalarini dori vositalari, tibbiy uskuna va sarflov ashyolari bilan to‘liq ta’minlash choralarini ko‘rish, bunda kafolatlangan paket, bazaviy narxlar va imtiyozli kontingentni ixtisoslashgan tibbiy yordamga yo‘llash tartibini qayta ko‘rib chiqish lozimligini qayd etdilar.

Shuningdek, tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va shifoxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni oxiriga yetkazish choralarini ko‘rish sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech