12:24 (18.07.2025)

77

Joriy yilning 6 oyi davomida 5 mlrd so‘mlik dori vositalari elektron retsept asosida berildi

Dunyoda aholi soni oshishi barobarida tibbiy xizmatlarga ehtiyoj ham ortib bormoqda. Ko‘plab xorijiy davlatlarda aholi salomatligini saqlash va tibbiy xizmatlardan foydalanishni ta’minlash maqsadida tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilgan.

Mamlakatimizda ham tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish ishlari davom etmoqda. 2021-yili Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov sifatida boshlangan ushbu tizimni bosqichma-bosqich 2026-yilning yakuniga qadar mamlakatimiz bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan.

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida bemorlarga elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bepul beriladi. Bugungi kunda arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklarini ambulator sharoitda davolash uchun 27 turdagi dori vositalari elektron retsept asosida berilmoqda.

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va uning tizimidagi jamiyatlarning reimbursatsiya dasturiga ulangan dorixona va dorixona shoxobchalari orqali 2025-yilning o‘tgan 6 oyi davomida 5 mlrd. so‘mlik dori vositalari elektron retsept orqali bemorlarga bepul berildi.

Ma’lumot uchun: Kompaniya va uning tizimidagi jamiyatlarga qarashli 399 ta dorixona va dorixona shahobchalarida reimbursatsiya dasturi orqali elektron retsept asosida bemorlarga dori vositalari berilmoqda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlari).

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech