17:27 (17.07.2025)

61

JSST va YUNISEF: O‘tgan yili dunyo bo‘yicha 14 million nafardan ortiq bolalar emlanmagan

JSST va YUNISEF tomonidan e’lon qilingan qo‘shma hisobotga ko‘ra, 2024-yilda 14,3 million nafar o‘g‘il-qiz emlanmagan.

20 million nafar chaqaloq esa difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘talga qarshi tegishli vaksinalarning kamida bitta dozasini olmagan.

Uch dozada to‘liq emlanganlar soni qariyb 85 foizni tashkil etdi. Bu — taxminan 109 million nafar bola, deganidir.

Xuddi shunday, o‘tgan yili Yevropa va Markaziy Osiyoda emlash qamrovi 2023-yilga solishtirganda, 1 foizga kamaygan.

Hisobotda ushbu muammoning kelib chiqishi turli omillar bilan bog‘liqligi aytiladi. Sayyoramizning ayrim nuqtalarida sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish cheklanganligi, vaksina ta’minotidagi uzilishlar, urush va mojarolar, gumanitar inqirozlar, tibbiy savodxonlik darajasi pastligi shular jumlasidan.

Qayd etilishicha, jahondagi barcha emlanmagan bolalarning yarmidan ko‘pi to‘qqizta davlat, ya’ni Nigeriya, Hindiston, Sudan, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Indoneziya, Yaman, Afg‘oniston va Angola hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tashvishlanarlisi, ushbu mamlakatlardagi emlanmagan bolalar soni 2019-yildagi 3,6 milliondan 2024-yilda 5,4 million nafargacha ko‘paygan.

Shunga qaramay, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha qizamiqqa qarshi emlash darajasi oshgani e’tiborga molik. Bolalardan 84 foizi vaksinalarning birinchi dozasini, 76 foizi ikkinchi dozasini qabul qilgan va bu undan avvalgi yilga nisbatan biroz yuqori ko‘rsatkich.

Biroq, jahon bo‘yicha qizamiq tarqalishining oldini olish uchun 95 foizlik natijaga erishish global maqsad qilib belgilanganini hisobga olsak, hali quvonishga erta. Vaholanki, BMT tahlillarida keltirilganidek, vaksinalar yordamida yiliga 3,5 milliondan 5 milliongacha o‘lim holatlarining oldini olsa bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib, JSST va YUNISEF a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash tuzilmalariga bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish yuzasidan tegishli tavsiyalarini berdi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech