15:08 (29.07.2024)
572
Gepatit — og‘ir kasallik. Agar o‘z vaqtida oldi olinmasa, organizmda jiddiy asoratlar qoldirishi mumkin.
Xastalikni keltirib chiqaruvchi virus 1967-yil Nobel mukofoti laureati, amerikalik shifokor Samuel Barux tomonidan aniqlangan bo‘lib, ushbu olimning tug‘ilgan kuni sharafiga har yili dunyoda 28-iyul — Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu yil ushbu sana "Harakat qilish vaqti keldi" shiori ostida o‘tkazilyapti.
Bugun dunyoda 500 million nafardan ortiq inson gepatit virusi tashuvchisi hisoblanadi. Bu esa OIV va barcha turdagi saraton kasalliklariga chalingan umumiy bemorlar sonidan 12 baravar ko‘p demakdir. Qolaversa, sayyoramizda har yili bir milliondan ortiq odam gepatit tufayli vafot etmoqda.
Bu, o‘z navbatida, chuqurlashtirilgan PZR tahlilarini olib borish, davolash va doimiy muloqotda bo‘ladigan sog‘lom shaxslarni skrining tekshiruvlaridan o‘tkazishni taqozo etadi. Shu bois yurtimizda mazkur yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 16-maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishga xizmat qildi.
Jumladan, mazkur hujjatda virusli gepatitning B va C turlarini erta aniqlash uchun yurtimizning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish borasida qator muhim vazifalar belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda mamlakatimizdagi 65 dan ziyod oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kasallikni aniqlash uchun bepul skrining tadbirlari tashkil etilmoqda. Hozir gepatit C tasdiqlangan bemorlarga Misr Arab Respublikasi tomonidan beg‘araz yordam sifatida yuborilgan "Daklatasvir" va "Sofosbuvir" dori vositalari bepul tarqatilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizda gepatit xastaligini davolashga ixtisoslashgan bosh muassasa hisoblanib, shifoxona barcha zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.
Bu yerda 7 ta davolash, 1 tadan dializ, xavfli kasalliklarni muolaja qilish hamda jonlashtirish bo‘limlari mavjud. Markaz qoshida 250 nafar qatnovga mo‘ljallangan maslahat poliklinikasi faoliyat yuritib, barcha yuqumli kasalliklar bilan murojaat qilgan bemorlarga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, markazda tashkil etilgan mobil klinika orqali mamlakatimiz hududlarida yuqumli xastaliklarga chalingan va gumon qilingan bemorlar muntazam ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shifo maskanida, shuningdek yuqori molekulyar-genetik usullar yordamida viruslarni aniqlashga mo‘ljallangan zamonaviy laboratoriya, 2 ta Milliy kolleksiya va ilmiy izlanishlar olib boruvchi 4 ta laboratoriya mavjud.
Yana bir muhim yangilik. Joriy yil muassasa qoshida antibiotiklarga mikroorganizmlarning chidamliligini o‘rganish markazi faoliyat boshladi. Natijada antibakterial vositalarni palapartish ishlatish va mikroorganizmlar turg‘unligi rivojlanishining oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyati yaratildi.