Yangiliklar

not found

Beruniyning dorivor oʼsimliklar haqidagi asarini bilasizmi?

Buyuk qomusiy olim Аbu Rayhon Muhammad ibn Аhmad Аl Beruniyning (973-1048y.) asarlari ming yildan buyon jahon ilm ahliga mukammal darslik va qoʼllanmalar vazifasini oʼtab kelmoqda. Olimning “Xronologiya”, “Hindiston”, “Geodeziya”, “Mineralogiya” va “Masʼud qonunlari” kabi asarlari bir muncha toʼliq oʼrganilgan. Biroq Beruniyning soʼnggi asari boʼlmish “Kitab as-saydana fi-t-tibb” (“Tibbiyotda farmokognoziya kitobi”) asari yetarli oʼrganilgan emas. Uning yagona asl nusxasi 1927 yilda Turkiyaning Bursa shahrida topilgan va oʼsha yerdagi kutubxonada saqlanadi. Fors tiliga tarjima qilingan nusxasi esa 1899 yilda Hindistonning Lakxnau shahrida topilgan boʼlib, hozirda Britaniya muzeyida saqlanadi. “Saydana”ni rus tiliga olim Ubaydulla Karimov oʼgirgan boʼlib, “Fan” nashriyotida 1973 yilda nashr etilgan “Beruniy” tanlangan asarlarining IV jildini tashkil etadi. “Saydana” farmokognozik asar boʼlib, tibbiyotning quroli sanalmish dori-darmon tayyorlanuvchi vositalar haqidagi maʼlumotlar yigʼindisidir. Farmakognoziya grekcha “dori” va “bilim” maʼnolarini anglatuvchi soʼzlardan iborat. Nabotot, hayvonot va maʼdanlardan olinadigan dorivor vositalar haqidagi ilmiy fandir. “Saydana” oʼsha vaqtlari mavjud boʼlgan dorishunoslik tarixi boʼyicha yozilgan eng qimmatbaho manba hisoblanadi. Olimning bu asari Ibn Sinoning “Tib qonunlari”dan keskin farq qiladi. Ibn Sino dorivor vositalarning tarkibini, xususiyatlarini hamda kasallikka taʼsirini, dorivor vositalardan dorinoma boʼyicha malham, ichimlik, dori tayyorlashni aniq yozgan. Beruniy esa oʼz asarida ana shunday dorivor vositalarning turli tillardagi muqobillari, hatto ayrim shevalardagi nomlarini ham keltirib oʼtgan. Chunki, oʼsha vaqtlarda birgina dorining turli nomlari bor va (yoki) bitta atama turli dorilarni anglatar edi. Bu haqda Beruniy shunday bir hikoyani misol keltiradi: “Dorilarning turli tillardagi nomlarini aniq bilish inson uchun foydalidir. Mening esimda, xorazmlik bir amir kasal boʼlib qolganida uning davosi uchun Nishopurdan dorinoma joʼnatadilar. Lekin dorishunoslar, hakimlar dori tarkibining bir qismini hech topa olmaydilar. Nihoyat, bir odamda borligini eshitib, dorivorning oʼn besh dirhamini besh yuz dirham toza kumushga sotib olishadi. Xarid qilingan modda gulsafsar ildizi ekan. Tabiblarning jahli chiqib, sotuvchiga taʼna qilishadi. Shunda u: “Sizlar dorivorning nomini bilmadingiz, lekin aslida shuni soʼradingiz” deya javob beradi. Beruniy goho muammolar keltiradigan bu kabi chalkashliklarni bartaraf etish maqsadida oʼz asarida nabotot, hayvonot, maʼdan va ulardan olinadigan taxminan 4500 ta dorivor vosita haqida maʼlumot berib, ularning arabcha, suryoniy, soʼgʼdiycha, forscha, xorazmcha, turkcha va boshqa tillardagi nomlarini keltirish bilan birga, oʼsha davr dorishunoslik atamashunosligiga katta hissa qoʼshgan. Olim goh u atamaga, goh bu atamaga izoh berish jarayonida tibbiyotga daxldor talay maʼlumotlarni ham berib oʼtganki, bu asarning koʼpqirraligini taʼminlagan. Muallif 2000 yillik davrda yashab oʼtgan tabiblaru hakimlar va dorishunos olimlar, tabiatshunoslardan 250 nafarining asarlaridan foydalangan. Oʼrni kelganda, maqollar, sheʼriy parchalardan ham misollar keltirib, atamalarning maʼno qirralarini yoritishga erishgan. Dorivor moddalarni izohlar ekan, ularning shifobaxshlik xususiyatlarini ham ochib berishga intilgan: “Havorang gulli ayiqtovon oʼsimligi bavosilga davo boʼladi, qizil gullilari esa bavosilni kuchaytiradi... Boʼtakoʼzning damlamasi yara-chaqalarga malham boʼladi. Lekin hakimlar boʼtakoʼzning mijozini sovuq va hoʼlga tenglashtirishadi. U holda yaralarga malham emas, tinchlantiradigan vositadir. Qubiyun toshi oʼtkir taʼmli hidga ega boʼlib, u yiringni tortib oladi”. Beruniy va undan oldingi davr tibbiy atamalari shu dorivor olinadigan mahsulot nomiga, kasallik nomiga va dorining xususiyatlariga nisbatan ifodalangan. Bu xizmatlar oʼtmish tabiblarimiz va tabobatga oid fanning xalqchilligini va amaliyotda qoʼllashning qulayligini taʼminlaydi. “Saydana”da bu atamalarning bir necha tillardagi muqobillari va sinonimlari berilishi tabobat ilmini umumjahon ahamiyatiga molik qilgan. Ulugʼ alloma Аbu Rayhon Beruniyning buyuk tarixiy xizmati ham ana shunda.

  • 14 Dekabr, 15:06
  • Batafsil
not found

Oʼzbekistonda grippning А turi (H3N2) — Gonkong virusi bilan kasallanish holati qayd etildi

Bu haqda 13 dekabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasining matbuot anjumanida maʼlum qilindi. Grippning bu turi qoʼmitaning hududiy laboratoriyalari tomonidan bemorlardan olingan laborator tahlil natijalariga koʼra aniqlangan. «Biz virusning bu shtammi bilan tanishmiz. Oʼzbekistonda grippning ushbu shtammidan kasallanganlarni himoya qilish uchun 2,2 million doza vaktsina ishlatildi. Epidemiya mavsumi boshlanishidan avval oʼqituvchilar, tibbiyot xodimlari, „Sahovat“ va „Mehribonlik uyi“ tarbiyalanuvchilari va xodimlari hamda bolalarning xavf osti guruhiga mansub qatlamini emladik», — dedi qoʼmita raisining birinchi oʼrinbosari Nurmat Otabekov. Bundan tashqari, yil boshidan buyon Oʼzbekistonda «choʼchqa grippi» deb nomlanuvchi H1N1 virusini yuqtirishning 4 ta holati aniqlangan. «Koʼpchilik „vaziyatni nazorat qila olmayapmiz“, „vaziyat nazoratdan chiqib ketdi“ deb oʼylaydi. Lekin biz laboratoriyalarda monitoring tekshiruvlari orqali buni kuzatib boramiz. Bizda yil boshidan beri 4 ta holatda grippning H1N1 shtammi aniqlanganiga guvoh boʼldik… Shu bilan birga, biz bemorlarning bokavirus, rinovirus, reuvirus yoki respirator sinsitial virus bilan kasallangani haqida eshitmaymiz. Lekin biz laboratoriyalarda virusning qaysi shtammi mintaqamizda aylanayotgani bilish uchun shu jihatlarni ham nazorat qilib boramiz», — dedi u. Nurmat Otabekov soʼngi haftada respublika aholisi oʼrtasida OʼRVI bilan kasallanish oʼtgan haftaga nisbatan 25,5 foizga, Toshkent shahrida 25,4 foizga kamayganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, OʼRVI kasalligi koʼrsatkichlarida epidemik boʼsagʼadan (epidemik parog) 34,3 foizga pastligi kuzatilmoqda. «Bolalarning oʼtkir respirator infektsiya bilan kasallanish yoshma-yosh tahlil qilinganida: kasallanishni eng yuqori koʼrsatkichi 0−1 yoshdagi bolalar oʼrtasida roʼyxatga olingan boʼlib, intensiv koʼrsatkich shu yoshdagi 100 ming bola soniga nisbatan 368.3 ni tashkil etmoqda. Bunga OʼRVI bilan kasallangan bemorlarni alohidalamaslik, bemor bolalarni taʼlim muassasalariga yuborish hamda shifokor bilan maslahatlashmasdan oʼzboshimchalik bilan davolanish asosiy sabablar boʼlmoqda», — dedi u. Gripp va oʼtkir respirator infektsiyalar bilan ogʼrigan bemorlarni davolash maqsadida respublika boʼyicha 8838 nafar bemor oʼrinlari yaratilgan boʼlib, ularda 6000 nafar bemor davolanmoqda. Gonkong grippi haqida Gonkong grippidan birinchi kasallanish holati 1968 yil oʼrtalarida Gonkongda qayd etilgan. Juda tez tarqalish jihati bilan ajralib turadigan virus 4 milliongacha odamning oʼlimiga olib kelgan pandemiyaga sabab boʼlgan. Grippning bu turi ushbu kasallik uchun xos boʼlgan klassik belgilar bilan yuzaga keladi. Ular odatdagi gripp virusi keltirib chiqaradigan xarakterli alomatlardan farq qilmaydi: tanadagi ogʼriqlar; umumiy zaiflik va uyquchanlik; bosh ogʼrigʼi va bosh aylanishi; mushak ogʼrigʼi; yuqori harorat (koʼpincha 39 darajadan yuqori); koʼngil aynishi va diareya; ogʼriq, koʼz yoshi va ogʼriq; tomoq ogʼrigʼi va quruq yoʼtal. Gonkong grippi pnevmoniya, miokardit, entsefalit va meningit kabilarni keltirib chiqarishi, shuningdek surunkali yurak kasalliklari, astma, diabet va boshqalarni kuchaytirishi mumkin.

  • 14 Dekabr, 11:54
  • Batafsil
not found

Dorixonadan xarid qilingan dori vositasi nojo‘ya taʼsir ko‘rsatganda kimga murojaat qilish kerak?

"Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasiga asosan: Davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi va qo‘llovchi tashkilotlar dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligini yozma shaklda xabardor qilishi shart. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining (Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 16 aprelda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3000-son) buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Dori vositalarini qo‘llashda aniqlangan nojo‘ya taʼsirlar to‘g‘risida xabardor qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga binoan: Dorixona hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi tashkilotlar o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan yoki realizatsiya qilingan dori vositasining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiya aniqlanganligi (kuzatilganligi) haqida maʼlumot olganda ular bu haqda 10 kun ichida xabarnoma rasmiylashtiradi va uning O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilishini taʼminlaydi. (Qo‘llanilgan dori vositasining nojo‘ya reaksiyasi anafilaktik reaksiya, Layell sindromi yoki Stivens-Djonson sindromi bilan bog‘liq deb xulosa qilinsa yoxud bu haqda maʼlumot kelib tushsa, shuningdek uning oqibatida inson vafot etganligi aniqlansa xabarnoma 1 kun ichida rasmiylashtirilishi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilishi lozim.) Bunda dorixona, dori vositalarini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi tashkilot xodimiga ushbu tashkilot tomonidan ishlab chiqarilgan yoki realizatsiya qilingan dori vositasining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiya kuzatilganligi yoki aniqlanganligi haqida xabar berilganda, u bu haqda zudlik bilan tashkilot rahbariga, u bo‘lmaganda esa, uning o‘rnini bosuvchi shaxsga maʼlum qiladi. Dorixona, dori vositalarini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi tashkilot rahbari yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs dori vositasining nojo‘ya reaksiyasi kuzatilganligi yoki aniqlanganligi haqidagi xabarga asoslanib xabarnoma rasmiylashtiradi va uning O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilishini taʼminlaydi.

  • 14 Dekabr, 08:39
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech