Yangiliklar

not found

Dorixona xodimlari uchun seminar: yunidoza shaklidagi dorilar taqdimoti

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan dorixona xodimlari uchun navbatdagi malaka oshirish oʻquv-seminari boʻlib oʻtdi. Treningda dorixona mudirlari va xodimlari onlayn va oflayn formatda ishtirok etdi. Oʻquv jarayonida “Jurabek Laboratories Ltd” farmatsevtika kompaniyasi vakillari qatnashib, kompaniyaning ilgʻor yunidoza shaklidagi OTS dori vositalari haqida maʼlumot berdi. “Yunidoza” - bir marta qabul qilish uchun moʻljallangan dorining aniq miqdori. Afzalliklari: - Ochish oson, ichishga qulay va oʻzi bilan olib yurish mumkin; - Tayyor aniq dozada; - Xavfsizlik – dorilar yuqori gigiyena standartlariga muvofiq ishlab chiqarilgan. - Samaradorlik – aniq miqdorda taqdim qilingan dori zudlik bilan kerakli taʼsir koʻrsatadi. - Modul va koʻp maqsadli foydalanish – turli yosh va holatdagi bemorlar uchun moslashtirilgan. Taqdimotda “Jurabek Laboratories Ltd” tomonidan ishlab chiqarilayotgan yunidoza shaklidagi bir qator dori vositalari haqida maʼlumot berildi: Bakdiar – ichak antisetiki, diareyaga qarshi samarali vosita, hazmni yaxshilaydi va ichakdagi noqulayliklarni bartaraf etadi. Ifenta suspenziyasi – bolalarda isitmani tushirish, yalligʻlanish va ogʻriqni kamaytirish uchun moʻljallangan. Fevalgan yoki Paratsetamol svechalari – bolalar uchun isitma tushirish va ogʻriqni kamaytirishda qoʻllaniladi. L-Karnitin – organizmdagi yogʻlarni eritishga yordam beradi, energiya ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlaydi. Lekorn Enerdje – metabolik dori vositasi boʻlib, bolalarda oʻsish va aqliy rivojlanishga yordam beradi, energiyani oshiradi, immunitetni mustahkamlaydi hamda soch va tirnoqlarni kuchaytiradi. Shuningdek, treningda ingalyatsiya vositalari, allergiya belgilari va gerpes virusiga qarshi dori vositalarining qoʻllanilishi, tarkibi, faol moddalari, inson salomatligidagi ahamiyati, qoʻllash tartibi va ehtimoliy nojuya taʼsirlari haqida ham maʼlumot taqdim qilindi. Bunday oʻquv-seminarlar dorixona xodimlarining mijozlarga dori vositalari haqida toʻgʻri va zaruriy maslahatlar berishida muhim ahamiyat kasb etadi. Maʼlumot uchun:Jurabek Laboratories milliy va xalqaro sifat standartlariga javob beradigan yetakchi mahalliy farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

  • 7 Noyabr, 15:00
  • Batafsil
not found

“103” xizmatida “Online-shifokor” konsultatsiyalari tizimi joriy etiladi

2026-yilda 103 tez tibbiy yordam xizmatida onlayn shifokorlar bilan maslahatlashuv tizimi ishga tushiriladi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Yurtimizda tez tibbiy yordam xizmati ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirilmoqda. Xususan, shu yilning o‘tgan davrida sohada elektron boshqarish tizimi ishga tushirildi. Buning uchun 2,4 ming nafar dispetcher o‘qitildi. Natijada murojaat manzillariga kechikishlar soni 1,1 foizdan 0,3 foizga kamaydi. O‘z navbatida, Janubiy Koreyaning KOFIH tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Samarqand viloyatlarida tashkil etilgan simulyatsion o‘quv markazlarida ushbu hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalari xodimlarining malakasi oshirildi. Umuman, o‘tgan sakkiz yil davomida "103" xizmati shoxobchalari soni 818 tadan 1 680 taga, “Tez yordam” brigadalari 1 648 tadan 2 865 taga, bitta chaqiruvga dori-darmon uchun ajratilgan mablag‘ esa 750 so‘mdan 11 800 so‘mga oshdi. Natijada tez tibbiy yordam brigadalarining chaqiruvga o‘rtacha yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqaga qisqardi. Kelgusida tizimni raqamlashtirish jarayoni yanada jadallashadi. Xususan, 2026-yilda: “103” xizmatida aholi uchun “Online-shifokor” konsultatsiyalari tizimi joriy etiladi. Sohada qo‘llanilayotgan elektron dasturlar shifoxonalar hamda birlamchi tizim muassasalari bilan integratsiya qilinadi.

  • 7 Noyabr, 12:00
  • Batafsil
not found

Olimlar oddiy antibiotik shizofreniya rivojlanish xavfini kamaytirishini aniqladilar

Edinburg universiteti olimlari aniqlashicha, keng qoʻllaniladigan antibiotik doksitsiklin ayrim yoshlarda shizofreniya rivojlanish ehtimolini kamaytiradi. Tadqiqot natijalari American Journal of Psychiatry (AJP) jurnalida eʼlon qilingan. Doksitsiklin — keng taʼsir doirasiga ega antibiotik boʻlib, u koʻpincha infeksiyalar va teridagi toshmalarga qarshi qoʻllaniladi.  Ilgari bu miya hujayralarida yalligʻlanishni kamaytirishi va sinaptik kesish — miya ortiqcha neyron aloqalarini olib tashlash jarayoniga taʼsir qilishi mumkinligi koʻrsatilgan edi. Neyrobiologlar maʼlumotlariga koʻra, bunday kesishning ortiqcha faolligi shizofreniya rivojlanishi bilan bogʻliq. Shizofreniya odatda yoshlikning ilk davrida namoyon boʻladi. Bu ogʻir ruhiy kasallik gallyutsinatsiyalar, vasvasalar va fikrlash buzilishlari bilan kechadi. Tadqiqotchilar 56 mingdan ortiq oʻsmirlar haqidagi maʼlumotlarni tahlil qildilar. Bu yoshlar psixiatrik yordamga murojaat qilgan va turli antibiotiklar qabul qilgan. Doksitsiklin qabul qilgan bemorlarda shizofreniya rivojlanish xavfi boshqalarga nisbatan 30–35 foizga past ekanligi aniqlandi. “Shizofreniya keyinchalik rivojlangan ishtirokchilarning deyarli yarmi ilgari boshqa muammolar sababli bolalar psixiatriya xizmatlariga murojaat qilgan”, — deya taʼkidladi tadqiqot rahbari professor Ien Kellexer. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, olingan natijalar yalligʻlanishga qarshi dori vositalarini yanada chuqurroq oʻrganish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Xususan, olimlar doksitsiklin oʻsmirlardagi boshqa ogʻir ruhiy kasalliklarni oldini olish vositasi boʻlishi mumkin yoki yoʻqligini tekshirishni rejalashtirmoqdalar.

  • 6 Noyabr, 12:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech