12:30 (10.02.2025)

713

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyasi JSST kvalifikatsiyasidan o‘tkaziladi

Prezidentning 2025-yil 28-yanvardagi “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyasi 2025-yil yakuniga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan dastlabki kvalifikatsiya (prequalification) tartibidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, bu orqali nimalarga erish mumkin?

Avvalo, markaz bu bilan o‘z laboratoriyasi JSST tomonidan tan olingan xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini amalda isbotlaydi. Tabiiyki, bu uning xalqaro miqyosdagi nufuzini ham oshiradi.

Ayni chog‘da laboratoriyaning sifati yuqori, xavfsiz dori vositalarini nazorat qilish borasidagi o‘rni mustahkamlanadi.

Uning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish imkoni kengayadi, ya’ni xalqaro loyihalarda ishtirok etishi uchun keng yo‘l ochiladi.

Mahalliy dori vositalari sifati xalqaro talablarga javob berishini tasdiqlash orqali o‘zimizning farmatsevtika mahsulotlari jahon bozorlariga olib chiqilishi osonlashtiriladi.

Laboratoriyada xalqaro talablarga mos keladigan sinov usullari yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa shu yerning o‘zida yuqori darajali tahlillar o‘tkazilishiga zamin yaratadi.

Muhimi, bu dori vositalarining sifatini kafolatlash orqali aholini xavfsiz, samarali dori vositalari bilan to‘la ta’minlash imkonini beradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech