12:05 (01.04.2025)

159

Retsept bilan beriladigan dori vositalariga qancha miqdorda ustama qo‘llaniladi?

@Doridarmon_aloqabot ga shunday savol kelib tushgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-son Farmoniga asosan, aholining dori vositalari bilan ta’minlanishini yaxshilash maqsadida 2025-yil 1-apreldan, ya’ni bugundan boshlab dorilar narxini tartibga solishning yangi tartibi kuchga kirdi.

Retsept bilan beriladigan dorilar uchun savdo ustamasi ulgurji va chakana sotishda ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar cheklanadi:

Ushbu dorilarni ulgurji savdo uchun sotib olingan (bazaviy) qiymatidan — 15% dan;

Chakana savdo uchun sotib olingan qiymatidan — 20% dan ortiq bo‘lmagan miqdorda savdo ustamasi qo‘llaniladi.

Retsept bilan beriladigan dorilarning narxlari belgilangan ulgurji va chakana referent narxlaridan yuqori bo‘lmasligi shart.

Sertifikatlashtirishda yangi cheklov kiritildi:

2025-yil 1-apreldan boshlab referent narxlari qayd etilmagan yoki referent narxidan yuqori bo‘lgan retsept bilan beriladigan dorilarni sertifikatlashtirish taqiqlanadi.

Retsept bilan beriladigan dorilarga belgilangan savdo ustamalariga qat’iy rioya etish talab etiladi. Belgilangan narxlar va ustamalarga amal qilinmagan taqdirda qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qaroriga muvofiq, dorilar va tibbiy buyumlar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish tartibiga rioya etmaslik litsenziya talablarini (chakana savdo uchun qo‘pol ravishda) buzish hisoblanadi va bu holat dorixona litsenziyasining bekor qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech