Yangiliklar

not found

Bolalarga qanday hollarda ingalyatsiya mumkin emas?

Kuz faslida havo harorati pasayib, organizm sovuq kunlarga moslashib boradi. Bu jarayonda esa turli virus va bakteriyalar taʼsirida gripp hamda oʻtkir respirator virusli infeksiyalar koʻpayadi. Ayniqsa, bolalarning nafas yoʻllari yuqumli kasalliklariga chalinish koʻrsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan birmuncha ortadi. Bunday holatda koʻpchilik ota-onalar farzandlarini uy sharoitida ingalyatsiya orqali davolashga harakat qiladi. Xoʻsh, bu qanchalik toʻgʻri? Mazkur muolaja usulining afzalliklari nimada? U qachon va kimlarga tavsiya etilmaydi? Ushbu savollarga oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov batafsil javob berdi: — Ingalyatsiya – nafas yoʻllariga dorilarni toʻgʻridan-toʻgʻri yuborish usuli boʻlib, bolalar uchun foydali hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Uni, asosan, nafas yoʻllari kasalliklari, bronxit, astma, tonzillit va oʻtkir respirator virusli infeksiyalar (OʻRVI) davrida qoʻllash mumkin. Mazkur davolash usulining afzalligi shundaki, ingalyatsiya yoʻli bilan qilinadigan malham bemorga tez taʼsir koʻrsatadi. Sababi u orqali dori moddalari bevosita hujayralarga yetib borib, xastalik alomatlari yengillashadi. Ingalyatsiyaning turlari har xil. Ulardan baʼzilari shifokor tavsiyasi bilan amalga oshirilsa, boshqalari uy sharoitida qoʻllanilishi mumkin. Xususan, nebulayzer zamonaviy qurilma boʻlib, dorini aerozol koʻrinishga keltiradi. U bolalar uchun eng maqbul vosita hisoblanadi. Uning foydasi shundaki, dorilar toʻgʻridan-toʻgʻri nafas yoʻllariga tushib, tez taʼsir koʻrsatadi. Nebulayzerga shifokor tavsiyasi asosida berilgan maxsus dori vositalarini qoʻshish mumkin. Bugʻli ingalyatsiya esa odatda shoʻr va dorivor moddalar qoʻshilgan suv yordamida ishlatiladi. U oʻsmir bolalar uchun samarali hisoblansa-da, kichik yoshdagi bolalarda ehtiyotkorlik bilan qoʻllash lozim. Shuningdek, aerozolli ingalyatsiya maxsus flakonlarda tarqatiluvchi dorilar bilan amalga oshirilib, astma va allergik reaksiyalar uchun ishlatiladi. Unutmaslik kerakki, baʼzi bemorlarga ingalyatsiya qilish tavsiya etilmaydi. Jumladan, tana harorati 38°S va undan yuqori boʻlganda, oʻpka yoki yurak faoliyatining ogʻir buzilishlarida foydalanish mumkin emas.  Ingalyatsiya uchun dorilar shifokor tomonidan aniqlangan kasalliklarga muvofiq tanlanadi. Muolajani oʻtkazishda quyidagi qoidalarga amal qilish kerak: ✔️bola tinch holatda boʻlishi va toʻgʻri nafas olishi; ✔️ ingalyatsiyani taomlanishdan kamida 1 soat oldin yoki keyin oʻtkazish; ✔️ muolaja vaqti 5-10 daqiqadan oshmasligi; ✔️ nebulayzer tozaligiga eʼtibor berish va uni har bir qoʻllashdan soʻng yuvish zarur. Unutmang, ingalyatsiyadan oʻzboshimchalik bilan foydalanish koʻngilsiz holatlarga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois uni qoʻllashdan avval, albatta, shifokor bilan maslahatlashing.

  • 27 Oktyabr, 10:00
  • Batafsil
not found

“Sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish tartibi belgilandi

Hukumatning "Raqobatni ta’minlashga ko‘maklashish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 667-son qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) tomonidan “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini amalga oshirish tartiblari belgilandi. Bu orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida qonun talablariga rioya etilishini NNTlar tomonidan xolis baholash tizimi joriy etiladi. Shuningdek, endilikda Raqobat qo‘mitasi tomonidan hamda tajriba davrida nodavlat tashkilotlar ishtirokida nazorat xaridi tadbirlari quyidagi qoidalar asosida amalga oshiriladi: - Nazorat xaridi va “sirli mijoz” tadbirlari qonuniylik, xolislik va maxfiylik prinsiplariga asosan o‘tkaziladi; - Bu tadbirlar bo‘yicha reja Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilib, rasmiy tarzda tasdiqlanadi; - Har bir tadbir bo‘yicha mas’ullar, joy, muddat, tekshiriladigan majburiy talablar va foto-video qayd etish tartibi buyruq bilan belgilanadi; - Nazorat xaridi jarayonida olingan namuna va ma’lumotlar tegishli laboratoriyalarda sinovdan o‘tkaziladi; - Agar tovar yoki xizmat qonun talablariga mos kelmasa, tegishli vakolatli organlarga yuboriladi va jamoatchilikka axborot beriladi; - Birinchi marta qonunbuzarlik aniqlansa, tushuntirish va yordam choralari ko‘riladi, takroriy hollarda esa tekshiruv belgilanadi; - Nodavlat tashkilotlar o‘z mablag‘lari hisobidan tadbirlarni amalga oshiradi, Qo‘mita esa ushbu faoliyatni muvofiqlashtiradi va metodik yordam ko‘rsatadi. Bundan tashqari, qaror orqali sog‘liqni saqlash sohasida “sirli mijoz” usuli bilan tibbiyot va dorixona xizmatlari sifatini baholash hamda chakana savdoda nazorat xaridi jarayonlarini qonun doirasida yo‘lga qo‘yish uchun huquqiy asos yaratildi.

  • 24 Oktyabr, 17:30
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech